Sun’iy intellekt va o‘qitishning zamonaviy usullari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazida “Sifatli ta’lim: sun’iy intellekt va o‘qitishning zamonaviy usullari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizdan, Qozog‘iston, AQSH, Rossiya, Filippin hamda Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan olimlar, professor-o‘qituvchilar va ta’lim sohasi mutaxassislari ishtirok etishdi.
Tadbir ta’lim tizimida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni amaliyotga joriy etish, ta’lim sifatini oshirish hamda pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratildi.

Konferensiya doirasida sun’iy intellekt va raqamli ta’lim imkoniyatlari, media va axborot savodxonligi, zamonaviy o‘qitish metodlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ta’lim menejmenti va muassasalarni boshqarish, sifat menejmenti tizimlarini takomillashtirish, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish, yosh psixologiyasi va pedagogik muloqot madaniyatining dolzarb jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri — yosh olimlar, tadqiqotchilar va amaliyotchi pedagoglarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda ta’lim sohasidagi innovatsion loyihalarni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning plenar majlisida mahalliy va xorijiy olimlar, oliy ta’lim muassasalari vakillari hamda ta’lim sohasi mutaxassislarining zamonaviy ta’lim, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarga oid ma’ruzalari tinglandi.
Anjumanda beshta shu’ba faoliyat yuritib, ularda ta’limda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanish, til va adabiyot fanlarini o‘qitishning zamonaviy metodlari, boshlang‘ich ta’limda xalqaro tajribani joriy etish, inklyuziv ta’lim hamda aniq va tabiiy fanlarni o‘qitishda pedagogik mahoratni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Har bir shu’ba moderatorlar va kotiblar boshchiligida tashkil etilib, olimlar, professor-o‘qituvchilar hamda ta’lim sohasi mutaxassislari o‘z ilmiy izlanishlari va ilg‘or tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
— Bugungi kunda ta’lim sifatini oshirish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ilg‘or xalqaro tajribalarni ta’lim amaliyotiga joriy etish hamda pedagoglarning kasbiy mahoratini izchil rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur konferensiya mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish, yangi pedagogik yondashuvlarni muhokama qilish va ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi, — dedi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazi direktori Gulistan Qojaboyeva.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazi va Chimkent universiteti o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi. Mazkur hamkorlikning asosiy maqsadi pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini oshirish, ta’lim sifatini yuksaltirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etishdan iborat. Memorandum doirasida pedagoglarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro tajriba almashish, ilmiy-amaliy tadbirlarni tashkil etish, innovatsion ta’lim metodlarini ommalashtirish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlar uchun I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat san’at muzeyiga sayohat tashkil etildi.Sayohat davomida mehmonlar muzeyning noyob san’at asarlari, boy ekspozitsiyalari hamda xalqimizning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlar Qoraqalpog‘istonning boy tarixi, betakror san’ati va milliy qadriyatlarini yaqindan kashf etish, xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlash imkonini berdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri