Sun’iy intellekt hayotimizni qay darajada o‘zgartiradi?
Bugungi kunda sun’iy intellekt hayotimizning turli jabhalariga tez sur’atlarda kirib kelmoqda.
Endi u faqat texnologiya sohasi emas, balki ta’lim, tibbiyot, biznes va kundalik turmushning ham ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Shu bois, uning imkoniyatlarini o‘rganish va to‘g‘ri foydalanish bugunning muhim vazifalaridan biri sanaladi.

Shu bois, 29-iyun kuni Toshkentda “Sun’iy intellekt 101” nomli xalqaro o‘quv kursiga start berildi. Ikki kunlik dastur sun’iy intellekt sohasida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish hamda raqamli texnologiyalardan samarali va mas’uliyatli foydalanish madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Toni Bler Global O‘zgarishlar Institutining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Devid Xoffman ishtirok etdi.
Tadbir davomida mamlakatda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish, raqamli iqtisodiyot uchun malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim tizimiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va inson kapitalini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

O‘quv dasturining birinchi kuni sun’iy intellektning asosiy tushunchalari, uning ta’lim sohasidagi ahamiyati, katta til modellarining ishlash tamoyillari, inson va sun’iy intellekt o‘rtasidagi muloqot asoslari hamda samarali promptlar yaratish usullariga bag‘ishlandi. Shuningdek, ishtirokchilar sun’iy intellekt vositalaridan o‘quv materiallari tayyorlash va ta’lim jarayonlarini tahlil qilishda foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdi.
Kursning ikkinchi kunida esa sun’iy intellektdan xavfsiz va mas’uliyatli foydalanish, ilg‘or promptlar yaratish va texnologiyalar bilan bog‘liq ehtimoliy xavflarni baholash bo‘yicha bilimlar berilishi rejalashtirilgan. Bu kabi tashabbuslar raqamli kelajakka tayyorgarlikning muhim qismi sifatida baholanmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA