Sug‘urta xizmati takomillashmoqda
“O‘zbekinvest” milliy eksport-import sug‘urta kompaniyasida “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekinvest” milliy eksport-import sug‘urta kompaniyasida “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Davlat dasturida ko‘zda tutilgan muhim vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2014-yilda kompaniya tomonidan mamlakatimizning turli hududlarida, jumladan, qishloq joylarda yangi bo‘limlar ochilib, sug‘urta polislarini sotish punktlari tashkil etilgani ta’kidlandi.
Joriy yilda 25 bo‘lim, 25 shoxobcha faoliyati yo‘lga qo‘yilib, hududlarda agentlik tarmog‘i kengaytirilgani buning dalilidir. O‘tgan davrda 12 milliard so‘mdan ziyod sug‘urta mablag‘i to‘lab berildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 100 dan ortiq sug‘urta xizmati ko‘rsatayotgan kompaniyada sug‘urta mukofoti hajmi o‘sishi 2013-yilga nisbatan 135 foizni, sug‘urta majburiyatini qabul qilish 190 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Bugun mamlakatimiz iqtisodiyotining ijtimoiy barqarorligini ta’minlash va rivojlanish sur’atlarini jadallashtirish maqsadida majburiy sug‘urta mexanizmi keng qo‘llanilmoqda. Ushbu kompaniya bir necha yildan buyon transport vositalari egalari va ish beruvchilarning fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha polislarni sotmoqda. Joriy yilda har yilgidan ko‘proq shartnomalar imzolandi. Jumladan, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish maqsadida 73,1 mingta, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha 3 mingdan ortiq shartnoma tuzildi.
Anjumanda sug‘urta xizmatlaridan foydalanish va bunday xizmatlarni tezkor amalga oshirishni ta’minlashni yanada yaxshilash bo‘yicha vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Kompaniya shu maqsadda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, internet-sug‘urtani va “SMS-to`lov” elektron to‘lov tizimi yordamida polislarni kompaniya veb-sayti orqali sotishni rejalashtirmoqda.
Keyingi yillarda mulkchilik shaklidan qat’i nazar, fuqarolar va yuridik shaxslarning mulkiy manfaatlarini tabiiy, texnogen, moliyaviy-iqtisodiy va boshqa xavf-xatarlardan himoya qilish bilan bog‘liq vazifalarni hal etishda sug‘urta xizmatidan foydalanish darajasi ortmoqda.
– Markazimiz aholi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatiladigan xizmatlar turi va ko‘lamini kengaytirishga ko‘maklashmoqda, – deydi kompaniya sug‘urta markazi direktori Shuhrat Aminjonov. – Yil davomida “Mehribon ota-onalar”, “Ona va bola”, “Sog‘lom bola” kabi sug‘urta turlari aholi uchun arzon narxlarda amalga oshirildi. Kichik biznes vakillari bilan 6500 ortiq shartnoma imzolanib, qiymati 627,4 milliard so‘mlik sug‘urta majburiyatlari qabul qilindi.
Tadbirda sug‘urta bozoridagi yangiliklar, sug‘urta to‘lovlarini amalga oshirish tartibi va shartlari, xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik, xorijiy investitsiyalar sug‘urtasi haqidagi savollarga javob qaytarildi.