Sudyalar hamjamiyati organlarining huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda
Bugungi kunda sudyalar hamjamiyati organlari sud mustaqilligini kafolatlash, sudyalar korpusini shakllantirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda sudyalikka nomzodlarni tanlashda muhim o‘rin egallamoqda. Tahlillar ular faoliyatida ayrim noaniqliklar mavjudligini ko‘rsatdi. Shundan kelib chiqib, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida “Sudyalar hamjamiyati organlari to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Parlament quyi palatasi majlisida sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlashga qaratilgan mazkur qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan sudyalar hamjamiyati organlarining turlari, ularning huquqiy maqomi, vazifa va funksiyalari aniq belgilab qo‘yilmoqda. Sudyalar hamjamiyati organlarining faoliyatini tashkil etish asoslari mustahkamlanmoqda. Sudyalar malaka hay’ati tarkibiga jamoatchilik asosida tajribali sud faxriylarini jalb etish imkoniyati yaratilmoqda.

Sudyalarning malaka darajalarini berish, intizomiy ishlarni ko‘rib chiqish hamda vakolatlarni to‘xtatish va tugatish tartiblari ham huquqiy jihatdan mustahkamlanmoqda.
Sudyalar hamjamiyati organlarining huquqiy asoslari belgilanishi orqali sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga, sudyalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga erishiladi. Natijada shaxsning odil sudlovga bo‘lgan huquqlari yanada mustahkamlanishiga hamda odil sudlov sifati va samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi. Odil sudlovga oid xalqaro talablar milliy qonunchiligimizga tatbiq etilishini ta’minlaydi.
Majlisda qonun loyihasi sud hokimiyatining nufuzini mustahkamlashda muhim ekanligi ta’kidlanib, birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA