Sudandagi vaziyat muhokama qilindi
Sudan Tezkor harakat kuchlari (THK) qo‘mondoni Muhammad Daglo BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan mamlakatda yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qilganini ma’lum qildi. Yaqinda THK bilan Sudan armiyasi o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.
THK qo‘mondonining ta’kidlashicha, BMT Bosh kotibi bilan telefon orqali bo‘lib o‘tgan suhbatda o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga amal qilish hamda gumanitar va tibbiy xizmatchilar, ayniqsa, BMT, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar xodimlarini himoya qilish zarurligi alohida ta’kidlangan.
“Guterrishning Sudanda xavfsizlik va barqarorlik ta’minlanishiga bo‘lgan sa’y-harakatlarini qadrlaymiz. Umid qilamizki, BMT hamda gumanitar yo‘nalishdagi tashkilotlarining kelgusi sa’y-harakatlari xalqimiz uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi”, - deya ta’kidlagan Daglo.
Sudanda 15 apreldan buyon mamlakat armiyasi hamda Tezkor harakat kuchlari o‘rtasida janglar davom etmoqda. Shu vaqtgacha 413 kishi halok bo‘lgani va 3 ming 551 kishi jarohat olgani haqida ma’lum qilindi.