Sudanda yuzdan ziyod qochqin halok bo‘ldi
Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi Sudan g‘arbidagi Shimoliy Darfur viloyatidagi qochqinlar yashayotgan qo‘nalg‘aga uyushtirilgan qurolli hujumni keskin qoraladi.
Afrikaning ushbu mamlakati sog‘liqni saqlash idorasi ma’lum qilishicha, juma kuni tezkor harakat kuchlari isyonchilari zarbasi oqibatida 100 dan ortiq odam hayotdan ko‘z yumdi. Qurbonlar orasida tibbiyot xodimlari, insonparvarlik tashkiloti vakillari ham bor.
BAA mas’ullari urushayotgan tomonlarni xalqaro huquq va 2023 yil maydagi Jidda deklaratsiyasi, shuningdek Sudan Tinchlik va hayotni saqlab qolish loyihasida ishtirok etayotgan davlatlar (ALPS) tomonidan taklif qilingan mexanizm bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishga chaqirdi.
2023 yil 15 apreldan beri Sudanda Muhammad Hamdan Daglo qo‘mondonligidagi Tezkor harakat kuchlari va muntazam armiya o‘rtasida shiddatli jang davom etmoqda.
Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi bu urush tufayli turli kasalliklar avj olishi, sog‘liqni saqlash tizimi halokatli tanazzulga uchrashi mumkinligidan ogohlantirib kelmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus avvalroq mazkur mojaro qurbonlari 20 000 dan oshib ketganini ma’lum qildi. BMT Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, ichki ko‘chirilganlar 10 milliondan ko‘p.
S.Rahimov, O‘zA