Sudanda urush pul topish tizimiga aylandi(mi)?
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi (OHCHR) Sudandagi qurolli to‘qnashuvlar endi oddiy harbiy mojaro emas, balki katta daromad keltiradigan tizimga aylanganini ma’lum qildi. Tashkilot xulosasiga ko‘ra, mamlakatning tabiiy boyliklari va savdo yo‘llari nizoni to‘xtatish o‘rniga, uni yanada uzaytirmoqda.
Hisobotda qayd etilishicha, Sudan Qurolli kuchlari hamda Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari harbiy harakatlarni moliyalashtirish uchun hududlar, tovar ayirboshlash yo‘llari va qimmatbaho resurslar ustidan nazoratni kuchaytirgan. Natijada mojaro tashqi yordamsiz ham o‘zini ta’minlaydigan mexanizmga aylanib bormoqda.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk Sudanning ulkan tabiiy boyliklari xalq farovonligiga emas, aksincha, inson huquqlarining buzilishi va qirg‘inlarning davom etishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi. U xalqaro hamjamiyatni ziddiyatni moliyalashtirayotgan savdo zanjirlari va ta’minot yo‘llari ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi.
Hisobotning alohida qismi Sudanning eng muhim eksport mahsulotlaridan biri — arab yelimi savdosiga bag‘ishlangan. Gazli ichimliklar, kosmetika va farmatsevtika sanoatida keng qo‘llaniladigan ushbu mahsulotning jahon bozoridagi xomashyosining 70-80 foizi urushga qadar aynan Sudan hissasiga to‘g‘ri kelgan. Millionlab aholi uchun daromad manbai bo‘lgan mazkur tarmoqda esa talonchilik, tovlamachilik, noqonuniy hibs va tahdidlar keskin kuchaygan.
BMT xalqaro kompaniyalarni ham mas’uliyatli bo‘lishga chaqirdi. Tashkilot fikricha, mojaro hududlaridan xomashyo sotib olar ekan, biznes va investorlar inson huquqlari hamda xalqaro huquq talablariga qat’iy rioya qilishi lozim. Aks holda, qonuniy savdo urushni moliyalashtiruvchi vositaga aylanib qolishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA