Sud majlislarini mobil ilova orqali o‘tkazish mexanizmlari belgilanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi va konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qildi.
Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarining ishonchli sud himoyasini kuchaytirish hamda konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning aniq huquqiy mexanizmlarini belgilash maqsadida ishlab chiqilgan.
Loyiha 2025-yil 18-dekabrdagi Prezident farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi.
Jumladan, loyiha bilan konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning asosiy prinsiplari, ishtirokchilarning huquq va majburiyatlari, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish tartibi, protsessual muddatlar, murojaatlarni dastlabki ko‘rib chiqish, ishni sud muhokamasiga tayyorlash va ko‘rib chiqish kabi masalalar alohida tartibga solinmoqda.
Shuningdek, konstitutsiyaviy shikoyat instituti samaradorligini oshirish, sud majlislarini videokonferensaloqa, jumladan, mobil ilova orqali o‘tkazish, sud majlislarini audio yozuvda qayd etish va bayonnomalarni raqamli texnologiyalar asosida shakllantirish mexanizmlari nazarda tutilmoqda.
Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi qabul qilinishi fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytiradi, buzilgan huquq va erkinliklarni tiklash bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtiradi. Shu bilan birga, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA