Sud fuqaro murojaatini ijobiy hal qildi
Fuqaro Mavlon Qurbonovning tuman hokimligiga davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan ma’muriy bino-inshootlar va ushbu bino-inshootlar joylashgan yer maydonlari o‘rniga teng miqdorda yer maydoni yoki kompensatsiya so‘rab bir necha bor qilgan murojaatlari javobsiz qolgandi.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Mavlon Qurbonov Qorako‘l tumani hokimligi tomonidan olib qo‘yilgan bino-inshooti hamda yer maydoni uchun kompensatsiya to‘lanmayotganligidan norozi bo‘lib Qorako‘l tumani adliya bo‘limiga murojaat qildi.
Murojaat soha xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi. Murojaatni o‘rganish jarayonida fuqaro Mavlon Qurbonovga tegishli bo‘lgan Qorako‘l tumani “Paxtakor” mahalla fuqarolar yig‘ini, Ulug‘bek ko‘chasidagi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan ma’muriy bino-inshootlar va ushbu bino-inshootlar joylashgan yer maydonlari uchun kompensatsiya to‘lovlari to‘lab berilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
– Olib borilgan o‘rganishlar natijasida fuqaroga tegishli bo‘lgan ma’muriy bino-inshootlar 254 million 420 ming 272 so‘m va ushbu bino-inshootlar joylashgan yer maydonlari 88 million 152 ming 645 so‘m, jami 342 million 572 ming 917 so‘mga baholangan, – deydi Qorako‘l tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Ixtiyor Cho‘lliyev. – Qorako‘l tumani adliya bo‘limi tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumanlararo sudiga buzilgan bino-inshoot hamda olib qo‘yilgan yer maydoni uchun kompensatsiya undirish haqida da’vo arizasi kiritildi.
Da’vo arizani ko‘rib chiqish natijasida sud Qorako‘l tumani hokimligidan fuqaro Mavlon Qurbonov foydasiga 342 million 572 ming 917 so‘m kompensatsiya to‘lovlari, 5 million 640 ming so‘m ekspertiza va 21 000 so‘m pochta harajatlari uchun, jami 348 million 233 ming 917 so‘m undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarib, fuqaroning murojaatini qanoatlantirdi.
Zarif Komilov,
O‘zA