Subsidiya turlarining ayrimlaridan samarali foydalanilmayapti
Kasb-korli, ishli va doimiy daromadli insonlarning hayoti to‘kis, oilasi tinch va farovon, o‘zi esa xotirjam bo‘ladi. Mamlakat aholisining ana shunday hayot kechirishi esa davlatning iqtisodiy barqarorligi hamda osoyishtaligini ta’minlaydi. Shu bois ham yurtimizda aholi bandligi va daromadlarini oshirish, ehtiyojmand aholini mehnat faoliyatiga jalb qilishda qulay shart-sharoitlar yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlarini tashkil etish hamda kambag‘allikni qisqartirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qayd etish lozimki, bandlik sohasidagi davlat siyosatini yanada takomillashtirish, aholining mehnat huquqlarini himoya qilishning qonuniy asoslarini mustahkamlash hamda bandlik ko‘rsatkichlarining ijro etilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini o‘rnatish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan joylarda muntazam nazorat-tahlil tadbirlari o‘tkazib kelinadi. Mazkur o‘rganishlarda ijobiy natijalar bilan birga bir qator kamchiliklar mavjudligi ham ayonlashmoqda.

Masalan, viloyat hokimliklari hamda respublika tashkilotlarining hududiy investitsiya loyihalarini ishga tushirish hisobiga yaratilgan yangi ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ko‘rsatkichlari o‘rtasida nomuvofiqliklar bor. Aholini daromadli mehnat bilan band qilish, ish beruvchilarni moliyaviy rag‘batlantirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratiladigan 30 dan ortiq subsidiya turlarining ayrimlaridan samarali foydalanilmayapti. Jumladan, Samarqand viloyatida ish o‘rinlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish, kasbga tayyorlash va malakasini oshirish, qishloq xo‘jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish hamda tomorqa yer maydonlariga yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, sug‘orish vositalarini xarid qilish uchun tadbirkorlarga ajratiladigan subsidiya turlaridan yetarlicha foydalanilmagan.
Bundan tashqari, joylarda investitsiya loyihalari doirasida ish o‘rinlari yaratish holati ham talab darajasida emas. Misol uchun, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida 2023 yilning avgust oyi holatiga hududiy investitsiya loyihalari manzilli ro‘yxatiga kiritilgan 76 ta loyihaning 32 tasi ishga tushirilgan. Qolaversa, ayrim monomarkazlar va ularning filiallari, kasb-hunar markazlari, mahallalardagi kasb-hunarga o‘qitish maskanlarida yaratilgan sharoitlardan to‘liq foydalanilmayapti.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ishsiz fuqarolarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish borasidagi ishlar samaradorligi hamda 2023 yilda aholi bandligini ta’minlash dasturlarining bajarilishi yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish haqida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Musayevga parlament so‘rovi yuborildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA