Stritbol bo‘yicha respublika final bosqichi g‘oliblari aniqlandi
Sirdaryo viloyatida yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan navbatdagi yirik sport tadbiri – “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mahalla yoshlari o‘rtasida stritbol bo‘yicha respublika final bosqichi yuqori saviyada o‘tkazildi.
11-14-avgust kunlari Guliston shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sport majmuasida tashkil etilgan musobaqada mamlakatimizning 14 ta hududidan 140 nafar yosh sportchi ishtirok etdi.
Stritbolning o‘ziga xos jihati o‘yinning yuqori sur’atda kechishi, tez qaror qabul qilish va jamoaviy harakatni talab etishidir. Shu bois musobaqa davomida har bir uchrashuv keskin va qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi. Yosh sportchilar maydonda tezkorlik, aniqlik, jismoniy tayyorgarlik va texnik mahoratini namoyon etib, har bir ochko uchun murosasiz kurash olib bordi.
Musobaqa nafaqat g‘oliblarni aniqlash, balki hududlarda sport bilan shug‘ullanayotgan iqtidorli yoshlarni saralash, ularning mahoratini yanada oshirish va kelgusida yuqori natijalarga erishishi uchun muhim maydon vazifasini ham o‘tadi.
[gallery-30883]
Bellashuvlar yakuniga ko‘ra, 16-21 yosh toifasida Toshkent shahar jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Toshkent viloyati va Xorazm viloyati jamoalari mos ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.
22-30 yosh toifasida esa Surxondaryo viloyati jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi. Toshkent shahar jamoasi ikkinchi, Sirdaryo viloyati jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqaning yakuniy taqdirlash marosimida g‘olib va sovrindor jamoalar munosib e’tirof etildi. Ularga diplomlar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat), O‘zA