Strategik muloqot va hamkorlik doirasida tajribalar almashilmoqda
Bugungi kunda mamlakatimiz va xalqaro tahliliy markazlar o‘rtasidagi muloqot kengayib, ustuvor yo‘nalishlar doirasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Ilmiy-tahliliy institutlar bilan o‘zaro tajriba almashish mintaqaviy xavfsizlik va iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishda muhim sanaladi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi delegatsiyasining Istanbul shahriga tashrifi doirasida markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov Turkiyaning “Marmara Group” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi prezidenti doktor Akkan Suver hamda vitse-prezident Jafer Okray bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotida.
Shuningdek, Yaqin Sharq mintaqasidagi geosiyosiy jarayonlar, global xavfsizlik masalalari hamda “Marmara Group” jamg‘armasi tomonidan har yili tashkil etiladigan Yevroosiyo iqtisodiy sammitining ahamiyati muhokama qilindi.
Muloqotda Eldor Tulyakov ikki tomon o‘rtasida shakllangan uzoq yillik konstruktiv hamkorlik, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlar yuksak qadrlanishini ta’kidladi.
Bunday uchrashuvlar institutsional aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirish hamda yangi amaliy hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Tomonlar kelgusida ham o‘zaro qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashga intilishlarini bildirdi.
M.Hojiakbarova, O‘zA