“Strategik hamkorligimiz izchil mustahkamlanmoqda”
Koreya Respublikasi O‘zbekistonning vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli strategik sheriklaridan biridir. Mamlakatlarimizni o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan do‘stlik hamda hamkorlik rishtalari bog‘lab turibdi.
Koreya Respublikasi O‘zbekistonning vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli strategik sheriklaridan biridir. Mamlakatlarimizni o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan do‘stlik hamda hamkorlik rishtalari bog‘lab turibdi. Bu munosabatlar muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlar va mushtarak intilishlar samarasida yangi mazmun bilan boyib bormoqda.Navro‘z bayrami arafasida O‘zA muxbiri Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Li Uk XON bilan suhbatlashdi.
– Janob elchi, suhbatimiz Navro‘z bayrami arafasida o‘tmoqda. Ushbu bayram haqida o‘z fikringizni bildirsangiz.
– Navro‘z O‘zbekiston va, umuman, Markaziy Osiyodagi eng ajoyib va go‘zal bahor bayramidir. Sharqona Yangi yilning kirib kelishidan darak beruvchi bu ayyom to‘kin-sochinlik, tan-sihatlik va baxt-saodat ramzidir. Navro‘zni ilk bor o‘tgan yili O‘zbekistonda kutib olgandim.
O‘zbekiston xalqi an’anaviy bayram marosimlarini ko‘tarinki kayfiyatda, shodu xurramlik bilan birgalikda nishonlaydi, shu munosabat bilan o‘tkaziladigan ko‘plab madaniy tadbirlarda yoshu qari faol ishtirok etadi. Bularni ko‘rib, men Navro‘z o‘z ahamiyati va qadriyatlari bilan YNESKOning Jahon nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritilgani bejiz emasligiga amin bo‘ldim.
Navro‘z koreys xalqining eng katta bayrami bo‘lgan Sollalga o‘xshaydi. Bizning yurtimizda Yangi yil oy taqvimi bo‘yicha kirib keladi. Shu kuni barcha oila a’zolari va qarindoshlar dasturxon atrofida yig‘ilib, Yangi yilni yaxshi niyatlar bilan kutib oladi.
Bu yilgi Sollal bayrami fevral oyi oxirida keldi. Men Yangi yilni yana bir bor o‘zbek xalqi bilan kutib olganimdan xursandman. O‘zbekiston xalqi Navro‘z ayyomini yaxshi kayfiyatda, o‘z qadrdonlari davrasida shodu xurramlik bilan nishonlashini tilayman.
Joriy yilda ham o‘zaro manfaatli hamkorligimiz yanada rivojlanishiga ishonaman.
– Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik qaysi sohalarda jadal rivojlanib bormoqda?
– 1992-yilda diplomatik aloqalar o‘rnatgan Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi munosabatlari bugungi kunda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan va mamlakatlarimiz barcha sohalar, jumladan, siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy jabhalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda.
Davlat rahbarlarining oliy darajadagi tashriflari o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotir. Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xe 2014-yilning iyun oyida Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Buning samarasida amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida ko‘plab kelishuvlarga erishildi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Bu boradagi aloqalar ko‘lami tobora kengayib borayotganidan xursandmiz.
O‘zbekistonning boy tabiiy resurslari, yuqori malakali mutaxassislari va Janubiy Koreyaning ilg‘or texnologiyalari, nou-xaulari energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Surg‘il koni bazasida gaz-kimyo majmuasini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan qo‘shma loyiha bunga yorqin misol bo‘la oladi. Qandim koni bazasida gaz-kimyo majmuasi va gazni qayta ishlash zavodi qurilishi, Tollimarjon IESini modernizatsiya qilish va bu boradagi boshqa ko‘plab loyihalar yoqilg‘i-energetika sohasidagi hamkorligimiz jadal rivojlanib borayotganidan dalolatdir.
Infratuzilmani tashkil qilish, transport va logistika, yuqori texnologiyali ilg‘or ishlab chiqarish, qayta tiklanadigan energetika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi muhim yo‘nalishlar ham hamkorligimizning ustuvor sohalaridir.
– O‘zbekistonda ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tiborni qanday baholaysiz? Yoshlarimizning intellektual salohiyati, ularning turli sohalarda erishayotgan yutuqlari haqida nima deya olasiz?
– O‘zbekistonning barcha viloyatlari, ko‘plab shahar va tumanlarida bo‘lganman. Mamlakatingizda ta’lim sohasi infratuzilmasi yuqori darajada rivojlangani va o‘quv muassasalarining zamonaviy texnik vositalari bilan jihozlangani menda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida ta’lim sohasi rivojlantirilayotgani, 2013-yildan ingliz tilini maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlab o‘rgatish joriy etilgani, chet tillar va axborot texnologiyalarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilayotganini yuqori baholayman.
Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi kelajak avlod o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishi uchun ta’lim sohasida tajriba almashish va aloqalarni mustahkamlash katta ahamiyatga ega deb hisoblaydi. Shu maqsadda turli qo‘shma loyihalarni birgalikda ishlab chiqib, amalga oshirmoqda.
AKT sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydigan Inxa universitetining Toshkentda ochilgan filiali 2014-yilning oktabr oyida dastlabki talabalarni qabul qildi. Bugungi kunda O‘zbekiston yoshlari Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazi va shu kabi boshqa muassasalarda ODA KOICA ko‘magida yangi texnologiyalar bo‘yicha malaka oshirmoqda. Shu yilning 11-mart kuni Samarqand shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazi poydevoriga birinchi g‘isht qo‘yildi. Kelajakda bunday loyihalarni yanada ko‘paytirish sanoat sohasida mutaxassislar tayyorlashga amaliy hissa qo‘shishiga aminman.
– 2015-yil O‘zbekistonda Keksalarni e’zozlash yili deb e’lon qilindi. Ushbu tashabbus haqida ham o‘z fikringizni bildirsangiz.
– Prezident Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 22-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida har qanday jamiyatning yoshi ulug‘ odamlarga bo‘lgan e’tibori va g‘amxo‘rligi uning madaniy darajasini belgilaydi, deb ta’kidladi. Joriy yil O‘zbekistonda Keksalarni e’zozlash yili deb e’lon qilindi. O‘tgan yili «Sog‘lom bola yili», bu yil «Keksalarni e’zozlash yili» kabi Davlat dasturlarini amalga oshirish orqali mamlakatingizda jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash siyosati izchillik bilan mustahkamlanib borayotganini yuksak baholayman.
O‘zbekistonda keksa avlod vakillari – mamlakat taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan urush va mehnat faxriylarini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning sog‘liqlarini mustahkamlash va madaniy dam olishiga ko‘maklashish, hayot sifati va farovonligini yuksaltirish, Saxovat uylarini texnik jihozlash borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar diqqatga sazovordir.
O‘zbekiston oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, ota-onalarni e’zozlash, keksalarni hurmat qilishga alohida ahamiyat berayotgani bilan Koreya Respublikasiga o‘xshaydi. Ishonchim komilki, mamlakatning turli sohalarini rivojlantirishga o‘z hayotini bag‘ishlagan keksalarni e’zozlash, ularga hurmat ko‘rsatish bundan keyin ham mustahkamlanib boraveradi. Bu esa kelajak avlodning munosib hayot kechirishini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.