Stol tennisi: U17 yosh toifasida mamlakat chempionlari aniqlandi
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasining markaziy zalida U17 yosh toifasidagi sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati eng iqtidorli kichik raketka ustalarini aniqlab bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Besh kun mobaynida kechgan shiddatli bellashuvlarda yosh sportchilar o‘z mahorati, tezkorligi va g‘alabaga bo‘lgan irodalarini ko‘rsatdi.
Yakkalik, jamoaviy, juftlik va aralash juftlik yo‘nalishlarida tashkil etilgan bahslar sarhisobiga ko‘ra, o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida Toshkent viloyati vakillari Diyor Dilshodov va Arujan Kamalova chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi.

Sovrinli o‘rinlar Xurshid Ahmedov, Shahboz G‘ulomiddinov, Temur Nurmonov, Adelina Hasanova, Asel Erkebayeva, Dilnavoz Amanovalarga nasib etdi.
Chempionatning juftlik bahslarida Ozod Qahhorov/Adiz Muzaffarov (Samarqand) o‘g‘il bolalar, Eleonora Shiriyeva/Odina Arslonova (Andijon) qizlar musobaqasida, shuningdek, Sadriddinov/Azimova (Namangan) aralash juftlik o‘yinlarida tengsiz bo‘ldi.

Jamoaviy musobaqalarning o‘g‘il bolalar yo‘nalishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi tennischilari, qizlar orasida esa Andijon olimpiya va paralimpiya sport turlari markazi vakillari chempionlik maqomiga erishdi. Sovrinli o‘rinlarni Farg‘ona, Namangan, Xorazm, Samarqand, Jizzax jamoalari qo‘lga kiritdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA