Stol tennisi: g‘oliblar taqdirlandi
Nukusda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida stol tennisi bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida musobaqaning O‘zbekiston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tiborga, bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ahamiyatiga to‘xtalishdi.
[gallery-31500]
Respublika finalida sportchilar 16–21, 22–26 hamda 27–30 yosh toifalarida g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Jumladan, musobaqaning 16–21 yosh toifasidagi bahslarda birinchi o‘rinni Navoiy viloyatidan Abubakr Saydullayev, ikkinchi o‘rinni Samarqand viloyatidan Bilol Qayumov, uchinchi o‘rinni Farg‘ona viloyatidan Asadulla Isroilov, 22–26 yosh toifasida birinchi o‘rinni Farg‘ona viloyatidan Izzatulla Hamdamov, ikkinchi o‘rinni Sirdaryo viloyatidan Shahriyor Po‘latov, uchinchi o‘rinni Surxondaryo viloyatidan Jo‘rabek Karimov egallagan bo‘lsa, 27–30 yosh toifasida Toshkent shahridan Ahmad To‘xtayev birinchi, Samarqand viloyatidan Abdulla Jo‘raqulov ikkinchi, Andijon viloyatidan Muxiddin Xusanboyev uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Barcha yosh toifalari bo‘yicha g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari