Stol tennisi: eng kuchlilar g‘olib bo‘ldi
Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan viloyatda stol tennisini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda stol tennisi federatsiyasi va sportni rivojlantirish boshqarmasi hamkorligida “5 ta muhim tashabbus” doirasida turli musobaqalar tashkil etilmoqda.
Ana shunday musobaqalarning navbatdagisi Buxoro Tibbiyot instituti qoshidagi 1-son akademik litseyida bo‘lib o‘tdi. Stol tennisi bo‘yicha sport ustasi, ko‘p karra O‘zbekiston chempioni Aziz Vohidovning xotirasiga bag‘ishlangan xotira turniri poytaxtimizda muntazam o‘tkazilmoqda.


Ushbu an’anaviy turnir bu gal Buxoro viloyatida o‘tkazildi. Unda respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan 10 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar kuch sinashdi. Mazkur musobaqa yoshlar o‘rtasida Olimpiya o‘yinlari turkumiga kiruvchi sport turlarini yanada ommalashtirish va terma jamoaga yangi iste’dodli stol tennischilarni saralashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Musobaqalarda turli yoshdagi 200 dan ortiq o‘g‘il-qizlar g‘oliblik uchun bellashdi.


Qiziqarli kechgan bahslarda Buxoro shahar hamda Navoiy va Samarqand viloyati terma jamoasi a’zolari peshqadamlik qildi.
Murosasiz va kuchli raqobat muhitida o‘tgan sport musobaqasining yakuniy bosqichida g‘oliblar viloyat davlat soliq boshqarmasi hamda sportni rivojlantirish boshqarmasining qimmatbaho sovg‘alari, diplom va medallari bilan taqdirlandi.




Zarif Komilov, O‘zA