Stokgolmda O‘zbekiston elchixonasi ochiladi
Kecha O‘zbekistonning Shvetsiyadagi yangi elchixonasi birinchi diplomati Stokgolmga yetib bordi.
Diplomatik missiya maslahatchisi lavozimiga tayinlangan Nodir G‘aniyev O‘zbekiston Respublikasining Shvetsiya Qirolligidagi Muvaqqat ishlar vakili vazifasini bajaradi.
U Farg‘ona shahrida tug‘ilgan, 50 yoshda. 1993 yil Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni filolog-sharqshunos mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 1994 yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida turli lavozimlarda ishlagan.
Shvetsiyaga jo‘nab ketishdan oldin N.G‘aniyev TIV Yevropa mamlakatlari va YeI institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i edi.
Ingliz, arab, rus va fransuz tillarini biladi.
Eslatib o‘tamiz, Stokgolmdagi diplomatik vakolatxona O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi 36-elchixonasi bo‘ldi.
O‘zA