“STEAM” o‘quvchini ijodkorlikka undaydi
“STEAM” ta’lim tizimi ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika fanlarini o‘z ichiga oladi va bu fanlarni yaxlit tarzda o‘qitishni anglatadi. Bu yo‘nalishdagi o‘qitishda fanni yaxshi o‘rganish, muammoni hal qilish va mantiqiy fikrlashni o‘zlashtirishga urg‘u beriladi. “STEAM” o‘quvchilarga maktabda, ishda va turli qiziqishlarda muvaffaqiyat qozonish imkonini taqdim etadi.
–Mening fikrimcha, bu ta’lim tizimini boshlang‘ich sinflardanoq tatbiq etish lozim, –deydi Buxoro viloyati Kogon shahridagi 9-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Maya Zaripova. –Shunda o‘quvchida ilk maktab yoshidan zaruriy ko‘nikmalar shakllanadi. U atrofidagi olam haqida yaxlit ma’lumot oladi. Ma’lumotlarni tahlil qiladi, olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llab ko‘radi, o‘z innovatsion g‘oyalariga ega bo‘ladi va uni amalga oshirishga, muammolarga yechim topishga intiladi. Tajribamdan bu amaliyotning samarali natija berishiga amin bo‘lib boryapman. Shu bois ham aksar darslarni “STEAM” tizimi asosida o‘tishga harakat qilaman. Yaqindagina o‘zim rahbarlik qilayotgan 4-sinf o‘quvchilari bilan “Suv – bu hayot” mavzusida ochiq dars tashkil qildim. Kimyo laboratoriyasi xonasida o‘tkazilgan bu ochiq dars, ochig‘i, o‘quvchilarim uchun “Mo‘’jizali sayohat”ning o‘zginasi bo‘ldi.

Dars jarayonida o‘quvchilarga suv haqida ma’lumot berildi. Avvalida bolalarning tasavvurlarini boyitish maqsadida monitor orqali suv haqidagi qiziqarli videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng o‘quvchilar tomonidan suv haqidagi hikmatli so‘zlar va she’rlar ifodali o‘qildi.
Suvning kimyoviy tarkibi va uning xossalarini o‘rganish jarayoni nihoyatda qiziqarli kechdi. Kimyo fani o‘qituvchisi Mastura Shodiyeva hamkorligida o‘tkazilgan kimyoviy tajribalar davomida o‘quvchilar oddiy suvning shu qadar mo‘’jizakor kuchga ega ekanligini ko‘rib, hayratda qolishdi.

Muhimi, ular suvni qadrlash, bir tomchisini ham isrof qilmasdan tejab ishlatish lozimligini chuqur anglab yetishdi. Yana bir yutuqli jihati, o‘quvchilarda bu borada innovatsion g‘oyalarning tug‘ilishi bo‘ldi.

Aslida ham ta’limning asosiy maqsadi – o‘quvchiga zaruriy bilimlarni berish va uni amaliyotga samarali qo‘llay olish ko‘nikmasini shakllantirishdan iborat.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri