Startaplar uchun yangi moliyalashtirish dasturi ishga tushiriladi
O‘zbekistonda startaplarni moliyalashtirish va xususiy sarmoyadorlarni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan yangi mexanizmlar joriy etiladi.
Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 27-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan.
Yangi chora-tadbirlar mamlakat startap ekotizimini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Ushbu ekotizimda IT Park Uzbekistan texnologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi, venchur bozorini rivojlantiradi hamda startaplar va investorlar o‘rtasidagi hamkorlik uchun zarur infratuzilmani shakllantirishga ko‘maklashadi.
Hujjatga ko‘ra, 2027–2030-yillarda “Kelajak tadbirkori” dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida UzVC milliy venchur fondi 8 ta ustuvor yo‘nalishda ochiq tanlov asosida jami 30 tagacha startapni moliyalashtiradi.
Har bir loyiha 5 milliard so‘mgacha investitsiya olishi mumkin. Moliyalashtirish 3 yil muddatga foizsiz va garovsiz konvertatsiya qilinadigan qarz yoki SAFE shaklida amalga oshiriladi.
Davlatning startapdagi ulushi 49 foizdan oshmaydi. Ta’sischilar esa keyinchalik ushbu ulushni bozor qiymatida sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Dastur uchun 2027-yilda davlat budjetidan dastlabki bosqichda 150 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
“Kelajak tadbirkori” dasturi elektrotexnika, mashinasozlik va uskunasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, qurilish materiallari, suv va energiya tejovchi texnologiyalar yo‘nalishlaridagi startaplarni qamrab oladi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar hamda aerokosmik yo‘nalishlar ham shular jumlasidandir. Dastur ishtirokchilariga “tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi tatbiq etiladi.
Tegishli davlat idoralari va tarmoq tashkilotlari startaplarga sohadagi korxonalar bilan tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish hamda buyurtma shartnomalarini tuzishda yordam beradi.
Farmonda startap ekotizimiga xususiy kapitalni jalb qilishni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi mexanizm ham nazarda tutilgan.
Startup Base yagona elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tgan startapga, jumladan, SAFE yoki konvertatsiya qilinadigan qarz orqali sarmoya kiritgan jismoniy shaxs “Startap investori” (Business Angel) maqomini olishi mumkin.
Agar investor startapdagi ulushini kamida 3 yil saqlab, shundan so‘ng uni sotsa, ulushni sotishdan olingan daromad jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi.
Yangi mexanizmlar startaplar uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishi, xususiy investorlarning ekotizimdagi ishtirokini oshirishi va texnologik loyihalarni bozorga tezroq olib chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda. Farmon joriy yil 28-avgustdan kuchga kirdi.
A.RUSTAMOV, O‘zA