Starmerdan keyin Britaniyani nima kutmoqda? (+video)
Britaniya bosh vaziri lavozimini tark etayotgan Kir Starmer Ukrainaga kuchli yordam bergan va Londonning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarini yaxshilashga harakat qilgan siyosatchi sifatida tanildi. Endi uning o‘rniga keladigan rahbar qanday siyosat yuritishi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda, deyiladi DW xabarida
Starmer Britaniya ichida unchalik mashhur bo‘lmagan bo‘lsa-da, Yevropa yetakchilari orasida katta hurmatga ega edi. Masalan, Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen uning faoliyati tufayli Yevropa va Ukraina xavfsizligi mustahkamlanganini ta’kidladi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Starmerga Ukraina masalasidagi hamkorlik va Yevropa-Britaniya munosabatlarini jonlantirishdagi hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Starmer Ukraina tarafdorlari safidagi eng faol siyosatchilardan biri bo‘lib, Makron bilan birga bu yo‘nalishda norasmiy ittifoqqa yetakchilik ham qildi. Bu koalitsiya Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish va kelajakda uning mudofaa qobiliyatini kuchaytirishni maqsad qilgan.
Darvoqe, London Germaniya va Fransiya bilan birgalikda tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha “Yevrouchlik” formatida ham faol ishtirok etmoqda. Mutaxassislarning fikricha, AQSHning Yevropa xavfsizligidagi roli tobora kamayib borayotgan bir paytda bu format yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Starmerning o‘rniga kim kelishi Britaniyaning keyingi tashqi siyosati uchun hal qiluvchi omil bo‘ladi. Hozircha ehtimoliy nomzod sifatida Manchesterning sobiq meri Endi Bernem tilga olinmoqda.
Bernem ham Yevropa bilan yaqin munosabatlar tarafdori sifatida tanilgan. Kuzatuvchilarning fikricha, u Ukraina va Yevropa Ittifoqiga nisbatan Starmer boshlagan siyosatni davom ettirishi mumkin. Biroq uning tashqi siyosat va xavfsizlik sohasida qanday yo‘l tutishi hozircha aniq emas. Chunki u shu paytgacha asosan ichki siyosat bilan shug‘ullangan.
Tahlilchilar Starmer hukumati erishgan muhim yutuqlardan biri sifatida Yevropa Ittifoqi bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik kelishuvini ko‘rsatmoqda.
Kuzatuvchilarning fikricha, yangi bosh vazir oldida turgan asosiy vazifalardan biri Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish bo‘ladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/JNK-n62LL_0" title="Starmerdan keyin Britaniyani nima kutmoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA