SQB: mahalladagi tashabbusdan barqaror daromadgacha
Bir tadbirkorning kichik oilaviy biznesi bugun 35 kishi mehnat qilayotgan korxonaga aylangan. Boshqasi esa 15 million so‘mlik kredit yordamida issiqxonasini kengaytirib, mahsulotini bozorga chiqarmoqda. Ko‘lami turlicha bo‘lgan bu ikki tashabbusni bir jihat birlashtiradi: moliyaviy ko‘mak iqtisodiy faollikka, yangi ish o‘rinlari va daromad manbalariga xizmat qilmoqda.
Joriy yil 28-oktabr kuni “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aholi bandligini ta’minlash, daromadlarni oshirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar hamda erishilgan natijalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Yangi yondashuv: kredit hajmidan amaliy natijaga
Prezidentimiz raisligida 2026-yil 3 va 9-sentabr kunlari o‘tkazilgan yig‘ilishlarda aholi bandligi va daromadini oshirish ishlarini yangicha tashkil etish vazifalari belgilandi. Bunda ajratilgan mablag‘lar hajmidan ko‘ra, ularning amaliy samarasiga – barqaror ish o‘rinlari, aholi daromadi va tadbirkorlik rivojiga ustuvor ahamiyat berildi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 11-sentabrdagi “Barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan hududlardagi mas’uliyat kuchaytirildi. Moliyaviy resurslar va qaror qabul qilish vakolatlarining katta qismini tuman darajasiga tushirish, mahalliy imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi.
– Ushbu jarayonda banklar hokimliklar va mahalla mas’ullari bilan hamkorlikda hududlarning iqtisodiy salohiyatini ishga solish, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish va tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarga yechim topishda ishtirok etmoqda, – dedi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Abdurashid Hakimov. – Xususan, mazkur yondashuv SQB faoliyatida ham o‘z ifodasini topgan. Joriy yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra, bank ishtirokida qariyb 159 ming aholi bandligi va daromadini oshirish bo‘yicha natijalarga erishildi. Jumladan, 27,7 ming nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 131 ming aholining daromadi oshirildi. Mikro, kichik va o‘rta biznesga 5,3 trillion so‘m kredit ajratildi. Uning 2,7 trillion so‘mi davlat dasturlari doirasida yo‘naltirildi.

Kichik tashabbusdan barqaror biznesga
Raqamlar bank ishtirokining ko‘lamini ko‘rsatsa, ularning hayotiy mazmuni tadbirkorlar faoliyatida yaqqol namoyon bo‘ladi. Andijon viloyatining Dorilomon mahallasidagi “Normatovlar kelajagi” xususiy korxonasi bunga misol.
Korxona rahbari Nazirjon Normatov o‘n yil avval oilaviy tadbirkorlikka qo‘l urgan. Kichik ko‘lamda boshlangan faoliyat yillar davomida kengayib, o‘simlik yog‘i ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonaga aylandi.
Tadbirkor biznesini yanada rivojlantirish maqsadida mahalla bankiriga murojaat qildi. Ajratilgan 150 ming AQSH dollari miqdoridagi kreditning 70 ming dollari yangi ishlab chiqarish uskunasini xarid qilish va o‘rnatishga yo‘naltirildi.
Bugun korxonada 35 nafar kishi mehnat qilmoqda. Ishlab chiqarish hajmi oshgan. Endi tadbirkor o‘z faoliyatini yirik zavod darajasigacha kengaytirishni maqsad qilgan.

Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi Qayrag‘och mahallasida esa 15 million so‘mlik kredit kichik xo‘jalikning imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qildi.
Mahalliy tadbirkor Davlatjon Po‘latov ushbu mablag‘ hisobidan issiqxonasini kengaytirdi. Bugun u yetishtirgan bulg‘or qalampiri haftasiga ikki marta, har safar o‘rtacha 100 kilogrammdan bozorga chiqarilmoqda.
Eng muhimi, bu faoliyat orqali ikki nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi. Tadbirkor esa issiqxona bilan cheklanmay, chorvachilik va qo‘ychilikni ham rivojlantirmoqda.
Andijonda 150 ming dollarlik kredit ishlab chiqarish quvvatini oshirishga xizmat qilgan bo‘lsa, Farg‘onada 15 million so‘mlik mablag‘ kichik xo‘jalikning o‘sishiga turtki berdi.
Sarmoya miqdori turlicha, ammo natijani birlashtirib turgan jihat bitta: tadbirkor o‘z ishini kengaytirmoqda, mahsulot bozorga chiqmoqda, odamlar esa mehnati orqali daromad topmoqda.

Mahalladagi tashabbus – iqtisodiyotdagi imkoniyat
Ayni paytda SQBga 27 ta tuman va shahardagi 1 ming 133 ta mahalla biriktirilgan. Ularda 415 nafar mahalla bankiri aholi va tadbirkorlar bilan bevosita ish olib bormoqda.
– Mahalla darajasidagi yondashuv har bir hududning o‘ziga xos imkoniyatlarini aniqlashga xizmat qiladi, – dedi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Aholini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlikka jalb qilish departamenti direktori Farrux Abduvaliyev. – Qaysidir joyda yer va mehnat resurslari, boshqasida ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish uchun sharoit mavjud. Muhimi, ularni aniq iqtisodiy loyihalarga aylantirish. Bu borada “Sayxunobod tajribasi” asosida 8339 ta mikroloyiha amalga oshirilib, 24 mingta ish o‘rni tashkil etildi. “Uychi tajribasi” doirasida tadbirkorlar va mijozlar bilan o‘tkazilgan 956 ta uchrashuvda 1 ming 858 ta murojaat ijobiy hal qilindi. Natijada 3 ming 885 ta ish o‘rni tashkil etildi.
Matbuot anjumanida “Dolzarb to‘rt oylik” doirasida manzilli ishlar olib borilayotgani alohida ta’kidlandi. Hisobot davrida 24,6 ming nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 65,3 ming nafar aholining daromadi oshirildi. Shuningdek, 3072 ta mikroloyiha ishga tushirilib, 6 ming 758 nafar aholining bandligi ta’minlandi.
Mahalla raislari tomonidan taqdim etilgan 20 mingdan ziyod ishsiz fuqaroning 15 ming nafari ishga joylashtirilgani ham joylardagi hamkorlikning amaliy natijasidir.
Bank tomonidan kelgusi bandlik imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligida umumiy qiymati 12,6 trillion so‘mdan ortiq 160 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Ular amalga oshirilganda 49 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil etilishi kutilmoqda.
[gallery-32221]
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA