Sportni sev, sport bilan yasha!
Navoiy shahridagi Barkamol avlod bolalar maktabida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi, tuman va shahar bo‘linmalari xodimlari o‘rtasida “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida sportning shaxmat va shashka turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyatida ham ko‘plab sport musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda.
Tadbir avvalida Fondning viloyat bo‘limi raisi Faxriddin Soliyev so‘zga chiqib, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi tomonidan muntazam ravishda ishchi-xodimlarning madaniy va ma’naviy hordiq chiqarishlari va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni sport bilan shug‘ullanishlariga keng sharoitlar yaratish, sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari orqali salomatligini tiklashga ko‘maklashish, turli xil kasb kasalliklarining oldini olish, mehnat samaradorligini oshirish maqsadida sportning shaxmat va shashka turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etish an’anaga aylanib borayotganini alohida ta’kidladi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, shaxmat bo‘yicha birinchi o‘rinni viloyat bo‘limi xodimi Alimardon Murodaliyev, shashka bo‘yicha esa birinchi o‘rinni fondning Nurota tuman bo‘linmasi hisobchisi Aziz Nazarov egalladi.

G‘olib va sovrindorlar Fond viloyat bo‘limi tomonidan rag‘batlantirildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA