Nukus shahridagi sport maktabida yosh chempionlar ulg‘aymoqda
Sport bilan shug‘ullanayotgan 1 ming 500 dan ortiq yoshning 223 nafari qizlardir. Ularga 70 ga yaqin yuqori malakali murabbiy sport sirlarini o‘rgatmoqda.
Sportning kurash turiga ixtisoslashtirilgan Nukus shahridagi respublika bolalar va o‘smirlar sport maktabi mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirish, yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, iste’dod va salohiyatini keng namoyon etishiga ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tasarrufidagi mazkur maktabda sportning 10 turi bo‘yicha 132 guruh tashkil etilgan.
Sport bilan shug‘ullanayotgan 1 ming 500 dan ortiq yoshning 223 nafari qizlardir. Ularga 70 ga yaqin yuqori malakali murabbiy sport sirlarini o‘rgatmoqda. Ayni paytda sport maktabida tarbiyalanayotgan yoshlarning 29 nafari O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, 12 nafari terma jamoa stajyorlar tarkibida o‘quv-mashg‘ulotlar olib boradi. Yosh sportchilardan 3 nafari xalqaro toifadagi sport ustasi, 36 nafari sport ustasi, 103 nafari sport ustaligiga nomzodlardir.
Maktab tarbiyalanuvchilari orasida ko‘plab xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan yoshlar anchagina. Ular o‘tgan yili Xitoy, Hindiston va Qozog‘istonda o‘tkazilgan xalqaro kurash musobaqalarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi.
– Maktabimiz jamoasi uchun 2016-yil juda samarali bo‘ldi, – deydi sport maktabi direktori A.Allanazarov. – Sportchilarimiz mamlakat miqyosida o‘tkazilgan 20 ga yaqin bellashuvda, O‘zbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida 36 oltin, 32 kumush, 41 bronza medalini qo‘lga kiritdi. Xalqaro turnirlarda esa 21 oltin, 12 kumush, 31 bronza medali, Osiyo chempionatlarida 2 oltin, 4 bronza medaliga ega bo‘ldi.
O‘smirlar o‘rtasida erkin kurash bo‘yicha Xitoyda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 52 kilogramm vazn toifasida bronza medaliga sazovor bo‘lgan Xadicha Najimova, dzyudo bo‘yicha Hindistonda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 44 kilogramm vaznda oltin medalni qo‘lga kiritgan Gulnur Muratboyeva kabilar maktab jamoasining faxri.