Rishod Sobirov delegatsiyamiz hisobiga ikkinchi bronza medalni keltirdi
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida davom etayotgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari yana bir bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida davom etayotgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari yana bir bronza medalni qo‘lga kiritdi.Dzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan dastlabki kungi bellashuvlarda Diyorbek O‘rozboyev O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobiga ilk medalni keltirdi. Vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahsida qatnashgan iqtidorli dzyudochimiz avstraliyalik Joshua Kats, shveytsariyalik Lyudovik Chammartin, braziliyalik Felipe Kitadai va gruziyalik Amiran Papinashvilini yengib, bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Vazni 66 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bellashuvida dzyudo bo‘yicha ikki karra jahon chempioni, Pekin va London Olimpiadalari sovrindori Rishod Sobirov ham delegatsiyamiz hisobiga bronza medalni keltirdi.
U keskin va murosasiz bahslarda belaruslik Dmitriy Shershan, arubalik Jeym Mata, Dominikan Respublikasidan Uander Mateo va sloveniyalik Adrian Gombotsni mag‘lubiyatga uchratdi.
– Xursandchiligimizning chegarasi yo‘q. Bunday g‘alabalarga, avvalo, mamlakatimizda sport sohasining rivojiga davlatimiz rahbari tomonidan qaratilayotgan alohida e’tibor, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik asosiy omil bo‘lmoqda. Yaratib berilayotgan sharoitlar, bildirilayotgan yuksak darajadagi ishonch bizni yangi-yangi zafarlar sari chorlamoqda. Ushbu g‘alabalarimizni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25-yilligiga bag‘ishlaymiz, – deydi Rishod Sobirov O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy saytiga bergan intervyusida.
XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida qatnashayotgan bokschilarimiz ham nufuzli musobaqani g‘alaba bilan boshladi.
Tajribali bokschimiz Xurshid Tojiboyev vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi dastlabki jangini qatarlik Hakan Ereskerga qarshi o‘tkazib, raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Endi Xurshid chorak final yo‘llanmasi uchun kechadigan bellashuvda Buyuk Britaniya vakili Jozef Kordina bilan kurashadi.
Vazni 69 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bahsida qatnashayotgan Shahram G‘iyosov ham o‘zining dastlabki g‘alabasini nishonladi. U ispaniyalik Youba Ndyaye Sissokoni yengdi. Endi Shahram navbatdagi jangini litvalik Eymantas Stanionisga qarshi o‘tkazadi.