Sportchilarimiz Osiyo o‘yinlarida porlamoqda
Yaponiyada davom etayotgan XX Osiyo o‘yinlarining 28-sentabr kungi bellashuvlari yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 42 taga yetdi.
Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tkazilayotgan XX Osiyo o‘yinlarining to‘qqizinchi kunida O‘zbekiston sport delegatsiyasi vakillari o‘q otish, kurash, tennis, boks, voleybol, chim ustida xokkey, og‘ir atletika va yengil atletika musobaqalarida ishtirok etdi.
Kunning asosiy medallari kurashchilarimiz hisobiga yozildi. Ayollar o‘rtasida -78 kilogramm vazn toifasida Pokizaxon Kamoliddinova finalda Janubiy Koreya vakili Sumin Moni mag‘lub etib, Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘ldi. Ushbu vaznda ishtirok etgan yana bir vakilimiz Shohista Nazarova bronza medaliga sazovor bo‘lgan edi.
Erkaklar o‘rtasida -81 kilogramm vazn toifasida Ahror Ziyodullayev finalda eronlik Ramin Ahmadzodeni mag‘lub etib, O‘zbekiston delegatsiyasiga 12-oltin medalni taqdim etdi.
Yengil atletikada esa Anvar Anvarov uzunlikka sakrash dasturida 8,06 metr natija qayd etib, bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Sabohat Samijonova 800 metrga yugurish bahslarida o‘z guruhida uchinchi bo‘lib, finalga yo‘l oldi.

Tennis musobaqalarida Maksim Shin va Sevil Yuldasheva tandemi Gonkong vakillarini 7:6, 0:6, 11:9 hisobida mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Yakkalik bahslarida Sergey Fomin tojikistonlik Somon Amonovni 6:1, 6:1 hisobida yengdi.
Erkaklar juftligida esa Sergey Fomin va Humoyun Sultonov Xitoy Taypeyi vakillari Xuan Sun-Xao va U Tun-Linni 4:6, 6:3, 10:3 hisobida mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi.
Boks bo‘yicha chorak final bellashuvlarida ham vakillarimiz munosib ishtirok etdi. Jumladan, -90 kilogramm vazn toifasidagi jahon chempioni To‘rabek Habibullayev qozog‘istonlik Nurbek Oralbayni, -70 kilogramm vaznda Shavkatjon Boltayev xitoylik Li Guofengni, ayollar o‘rtasida -60 kilogramm vaznda Sitora Turdibekova mo‘g‘ulistonlik Namuun Monxorni, -51 kilogramm vazn toifasida esa Feruza Kazakova shimoliy koreyalik An Kum Byolni mag‘lub etdi.

Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidan 7 nafar bokschi Osiyo o‘yinlarining yarim finaliga yo‘l oldi. Bu ko‘rsatkich mamlakatimiz terma jamoasining ushbu bosqichda eng ko‘p charm qo‘lqop ustalari bilan ishtirok etishini ta’minladi. Xitoy ham 7 nafar sportchisi bilan 1/2 finalga chiqqan.
Yarim finalda Hindiston 6 nafar, Qozog‘iston 5 nafar, Yaponiya 4 nafar, Tojikiston, Janubiy Koreya, Shimoliy Koreya, Iordaniya, Vetnam va Xitoy Taypeyi 2 nafardan, Filippin, Eron hamda Tailand 1 nafardan bokschi bilan ishtirok etadi.
28-sentabr kungi bahslar yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobida 12 ta oltin, 17 ta kumush va 13 ta bronza, jami 42 ta medal mavjud. Umumjamoa hisobida mamlakatimiz to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.
Medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy 132 ta oltin, 53 ta kumush va 45 ta bronza medal bilan peshqadam. Yaponiya 41 ta oltin, 68 ta kumush va 63 ta bronza, Janubiy Koreya esa 21 ta oltin, 26 ta kumush va 44 ta bronza medal bilan keyingi o‘rinlarni egallab turibdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA