Sport vaziri aholi bilan birga badantarbiya mashqlarini bajardi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish boʻyicha namunaviy hudud sifatida tanlangan boʻlib, turli ommaviy tadbirlar, musobaqalar va targʻibot ishlari samaradorligi tajriba-sinovdan oʻtkazilmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish boʻyicha namunaviy hudud sifatida tanlangan boʻlib, turli ommaviy tadbirlar, musobaqalar va targʻibot ishlari samaradorligi tajriba-sinovdan oʻtkazilmoqda.Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 20-sentyabr kuni jismoniy tarbiya va sport masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda “Taʼlim muassasalari haftaligi”, “Xotin-qizlar haftaligi”, “Mahalla haftaligi”, “Nuroniylar haftaligi”, “Yoshlar haftaligi” kabi shiorlar ostida ommaviy tadbirlar oʻtkazish vazifasi berilgan edi.
Shunday haftaliklardan birinchisi boʻlgan “Yoshlar sport haftaligi” Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Yoshlar ittifoqi tomonidan Qoraqalpogʻistonning barcha tumanlarida namuna tarzida tashkil etildi. Haftalik davomida sportning shaxmat-shashka, badiiy gimnastika, mini-futbol, voleybol, stol tennisi, badminton turlari boʻyicha oʻyinlar tashkil etilib, ularda 200 ming nafarga yaqin yoshlar ishtirok etmoqda.
Haftalik doirasida oʻtkazilayotgan tadbirlarda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev ham ishtirok etib, haftaliklarda ishtirok etuvchilar qamrovini kengaytirish uchun samarali mexanizmlar qoʻllanilishi lozimligi, mazkur hududda toʻplangan tajriba asosida respublikaning barcha hududlarida haftaliklarni tashkil etilishini taʼkidladi.
Mahalliy telekanallar bilan hamkorlikda jismoniy tarbiya va sport masalalariga bagʻishlab alohida koʻrsatuv tayyorlanib, unda vazir D.Nabiyev mahalliy aholini qiziqtirgan savollar javob berdi. Sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan ijtimoiy roliklar tayyorlanib, efirga uzatib borish yoʻlga qoʻyildi.
Vazirlik tomonidan hududiy rahbarlarga aholi uchun mavjud sport inshootlaridan istalgan payti foydalanish imkoniyatini yaratish vazifasi qoʻyilgan boʻlib, vazir Nukus shahridagi sport inshootlarida barcha yoshdagi insonlar uchun tashkil etilgan badantarbiya mashqlarini kuzatdi va oʻzi ham birgalikda bajardi.
Prezidentimiz tomonidan respublikamizning eng chekka hududlarida ham sport bilan shugʻullanish uchun zarur shart-sharoit yaratish, uni ommalashtirish vazifasi qoʻyilgan boʻlib, tashrif davomida vazir D.Nabiyev Nukus shahridan 450 km. uzoqlikdagi Qoʻngʻirot tumanining Karakalpakiya posyolkasiga borib, mavjud sport inshootlarining holati bilan tanishdi.
Yakunda mahalliy hokimliklar mutasaddilari, hududiy boshqarma va sport taʼlimi muassasalari rahbarlar bilan jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish boʻyicha ishlarni jadallashtirish, ommaviy tadbirlar koʻlamini kengaytirish va eng chekka hududlarda ham inshootlar qurish ham mavjudlarini taʼmirlash boʻyicha vazifalar belgilab olindi.