Sport ta’limidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi
Sport vazirligida yosh olimlar va tadqiqotchilar ishtirokida sport sohasidagi ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, sport natijalarini tahlil qilish hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rahbariyati, magistrantlar, doktorantlar va ilmiy tadqiqot muassasalari vakillari qatnashgan uchrashuvda sport natijalarini ilmiy tahlil qilish, istiqbolli sportchilarni saralash, zamonaviy texnologiyalarni mashg‘ulot jarayonlariga kiritish hamda yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda mamlakatimiz jismoniy tarbiya va sport sohasi ilmiy salohiyatini yuksaltirish, professor-o‘qituvchilarning faoliyatida natijadorlikni oshirish, yangi ishlanma va texnologiyalarni joriy etish orqali xalqaro reytinglardan munosib o‘rin egallash ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi

Sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Muqum Arziqulov, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov mamlakatimizda sport ta’limini xalqaro ilg‘or tajribalar bilan bog‘lash, raqamlashtirish istiqbollari, xorijiy sport ta’lim muassasalari bilan manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ilmiy yondashuvlarning ahamiyati, yechimini kutib turgan masalalar xususida so‘z yuritishdi.

Muhokamalar jarayonida xalqaro ilmiy nashrlarda, jumladan, “Scopus” bazasidagi indekslanuvchi jurnallarda O‘zbekiston sportidagi o‘zgarishlar, olib borilayotgan o‘ziga xos tadqiqotlar, yangicha yondashuv asoslari xususida tahliliy chiqishlarni amalga oshirish lozimligi aytib o‘tildi.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Sport biomexanikasi laboratoriyasi mudiri Soyib Tojiboyev professional bokschilar misolida olib borilgan innovatsion tadqiqotlar va ularning amaliy ahamiyati haqida chiqish qilib, ayni izlanishlarga sport turlari bo‘yicha murabbiylar, seleksionerlarni jalb qilish zarurligini bildirdi.
Yig‘ilish yakunida ilmiy tadqiqotlar natijalarini sport amaliyotiga tatbiq etish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash va ilm-fan hamda sport integratsiyasini rivojlantirish muhimligi bildirilib, sport ta’limining har bir yo‘nalishidagi mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA