Sport – salomatlik garovi
Gulistonda o‘tkazilgan “Gimnastika barcha uchun” sport festivalida uy bekalari hamda 10 yoshgacha bo‘lgan qizlar ishtirok etdi.
Gulistonda o‘tkazilgan “Gimnastika barcha uchun” sport festivalida uy bekalari hamda 10 yoshgacha bo‘lgan qizlar ishtirok etdi.“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida Sirdaryo viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida sport, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalar sportini rivojlantirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish orqali aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Bunda xotin-qizlarni sportga yanada keng jalb etish, oilaviy sportni rag‘batlantirishga qaratilgan “Gimnastika barcha uchun” sport festivali ham muhim ahamiyat kasb etayotir.
– Ushbu festivalda ishtirok etadigan xotin-qizlar safi yildan-yilga kengaymoqda, – deydi Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi D.Haydarova. – Festivalning tuman va shahar bosqichlarida 2 mingdan ziyod sportchi xotin-qiz ishtirok etgani fikrimiz tasdig‘idir.
Festivalda 11 jamoa ishtirokchilari tayyorlagan kompozitsiyalar ijro mahorati, raqs va gimnastika elementlarini bajarish qobiliyati bo‘yicha baholandi.
Boyovut tumani jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.