Sport inventarlari g‘alabalar asosidir
Mamlakatimiz sportchilarining xalqaro maydonlarda yuksak marralarga erishishida ularga yaratib berilayotgan shart-sharoit, ya’ni moddiy- texnik baza ham muhim o‘rin tutadi.
Namangan viloyat sport boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shahar va tumanlarda sport obyektlari infratuzilmasini yaxshilash hamda zarur inventarlar bilan jihozlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Bugungi kunda Namangan viloyatida 22 ta sport ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, shundan 16 tasi sport maktabi, to‘rttasi ixtisoslashtirilgan sport maktabidir. Shuningdek, Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hamda Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab- internati ham faoliyat yuritib kelmoqda. Qolaversa, Olimpiya, milliy va noolimpiya sport turlari bo‘yicha 56 ta federatsiya va assotsiatsiya faoliyat ko‘rsatmoqda.

– Viloyatimizdagi mavjud 3 ming 531 ta sport inshootida infratuzilma va moddiy ta’minotni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Namangan viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Anvarjon To‘ychiyev. – Umumta’lim maktablari, oliy o‘quv yurtlari, sport ta’limi muassasalari hamda professional ta’lim maskanlarida o‘tgan 2023-yil davomida “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida jami 9 milliard 489 million so‘mlik bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ushbu mablag‘larning 7 milliard 289 million so‘mi qayta qurish va rekonstruksiya ishlariga sarflangan bo‘lsa, 2 milliard 200 million so‘mi sport inventarlarini sotib olishga sarflandi.
Respublika va mahalliy byudjet hisobidan Pop tumanidagi 2- sport maktabining Chodak filiali uchun 18x42 metr hajmdagi sport zal, sun’iy qoplamali futbol maydoni qurish uchun 4 milliard 800 million so‘m ajratildi. Ko‘plab chempionlarni yetishtirib kelayotgan Namangan Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga 400 o‘rinli turarjoy binosini barpo etish uchun 11 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, foydalanishga topshirildi.

O‘tgan yili Sport vazirligining sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablariga sport anjomlari va uskunalarini qabul qilish to‘g‘risidagi buyrug‘i asosida viloyatda faoliyat yuritayotgan 22 ta sport ta’lim muassasasiga 4 milliard 650 million so‘mlik 41 turdagi jihozlar yetkazib berildi.
Prezidentimizning 2022-yil 11-apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan Namangan viloyatida 26 ta universal sport maydonchasi, 18 ta stritbol vorkaut, 15 ta vorkaut maydonchasi qurilib, mahallalarda yashovchi uyushmagan yoshlar uchun taqdim etildi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqasini namunali tashkil etish va o‘tkazish uchun 1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Viloyatdagi 788 mahallaning har biriga ikkitadan basketbol, futbol, voleybol to‘plari hamda gimnastika obruchlari yetkazib berildi.
Matbuot anjumanida Respublikada birinchi bo‘lib milliy va Olimpiya sport turlari bo‘yicha tashkil etiladigan sport musobaqalari uchun ishtirokchilardan olinadigan yig‘im to‘lovlari bekor bo‘lgani ma’lum qilindi. Bu orqali, avvalo, olis va chekka hududlarda yashovchi yosh sportchilarga imkoniyat hozirlash, asosiysi, selleksiya ishlarini jadallashtirish, yangi nomlarni kashf etish maqsad qilingan.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri