Soxta “kadastrchi”lardan ogoh bo‘ling
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, hududlarda yer va mulk ob’ektlarini xatlovdan o‘tkazish ishlari belgilangan reja-jadval asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Kadastr agentligi mutaxassislarining qayd etishicha, mazkur jarayon doirasida yer uchastkalari va ob’ektlarni o‘rganish, o‘lchash va xatlov ishlari to‘liq bepul tarzda olib boriladi. Hech qanday qo‘shimcha to‘lovlar talab etilmaydi.
Shu munosabat bilan aholi o‘rtasida turli firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida fuqarolar ogohlikka chaqirilmoqda. Xususan, “kadastr qilib beraman”, “hujjatlarni tezlashtirib beraman”, “ruxsat olib beraman” kabi va’dalar bilan noqonuniy xizmat taklif qilayotgan shaxslarga ishonmaslik lozim.
Eslatib o‘tiladi, har qanday pul talab qilish holatlari soxta faoliyat alomati hisoblanadi. Kadastr agentligi xodimlari esa o‘z xizmat vazifalarini faqat belgilangan tartibda, maxsus xizmat kiyimi va shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma (beyjik) asosida amalga oshiradi.
Shuningdek, “alohida to‘lov evaziga ishni tezlashtirib berish” yoki “masalani oson hal qilib berish” kabi takliflar ham qonunga zid hisoblanadi. Bunday holatlarda fuqarolardan hushyorlik va mas’uliyat talab etiladi.
Kadastr agentligi barcha yurtdoshlarni rasmiy manbalarga tayanib ish tutishga, shubhali holatlarga duch kelganda esa zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga chaqirmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA