Sovgʻaga imperatordan kema olgan elchi
Deyarli uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega ekanmiz, tashqi aloqalarni yoʻlga solish boʻyicha ham shuncha muddatlik milliy tajribamiz bor.
Deyarli uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega ekanmiz, tashqi aloqalarni yoʻlga solish boʻyicha ham shuncha muddatlik milliy tajribamiz bor. Miloddan oldingi VI asrda Tomir xotunning (yunoncha Τόμυρίς) yurtimizga bostirib kelgan eronlik Kurush nomiga bitilgan mashhur maktubini yetkazib bergan ham, albatta, elchidir. Afsuski, manbalarda uning shaxsi aniqlashtirilmagan. Biroq u qoʻrqmas va oʻz ishining ustasi boʻlgani shubhasiz. Aks holda, oʻzbek malikasining doʻq-poʻpisalarga toʻla xatini yov oʻchogʻiga yetkazib borishni uddalamagan boʻlardi.
Oʻtmishda elchilik yumushlarini bajarish oson kechmagan. Uzundan-uzoq yoʻllarda qatnash, suvsizlik, ochlik, jazirama issiq yoki qahraton sovuqqa chidash, qaroqchilarga chap berish yoki ularning tilini topishga har kim ham dosh berolmagan. Noziktabiat hukmdorlar, ularning amaldorlari koʻnglini olishchi?! Bir necha oydan bir necha yillargacha choʻzilgan safarlar elchilardan kuchli irodadan tashqari yana oʻzga tillarni bilish, chuqur bilim va muomala sanʼatiga ega boʻlishni talab etgan. Ana shunday shaxslardan biri XVIII asrda yashagan buxorolik savdogar, bir necha tillar bilimdoni mulla Ernazar Maqsud oʻgʻli sanaladi.
Turkistonlik yirik savdogarlar hamda hojilar odatda uch yoʻnalishda harakat qilganlar: shimoliy (Rossiya orqali), markaziy (Eron orqali) va janubiy (Hindiston orqali). Mavjud siyosiy vaziyatga qarab, ayrim vaqtlarda karvonlar va yoʻlovchilarning begona davlatlar hududidan harakatlanishi uchun ruxsat berilgan boʻlsa, ayrim vaqtlarda esa taʼqiqlangan. Xalqaro karvon yoʻllaridagi qatnovning qanday boʻlishi koʻpincha rasmiy elchilar faoliyatiga bogʻliq boʻlgan. XVIII asrda shimoliy yoʻnalishdagi savdo va haj karvonlari qatnoviga qaroqchilar hujumi, bojxonalarda uzoq vaqt ushlab turilish, boj toʻlovlarining oshirib yuborilishi, davlat hududiga kirish yoki oʻtib ketishning taʼqiqlanishi kabi toʻsiqlar Turkiston hukmdorlari va hatto ayrim yirik savdogarlarning Rossiya imperatorlari bilan muzokaralar olib borishga undagan.
Mulla Ernazar ikki mintaqani bogʻlaydigan yoʻllardagi toʻsiqlarni bartaraf etish choralarini bilgan tadbirkor boʻlgan. Tarixiy guvohliklarga koʻra, uning ish bitirish qobiliyatidan har ikki tomondan qator hukmdorlar foydalanganlar. Undagi jurʼatni shundan ham bilib olish mumkinki, Rossiya imperatoriga Buxoro musulmonlari nomidan oʻzi maktub uyushtirgan va Orenburg, Astraxan shaharlari va Mangʻishloq (suv yoʻli) orqali Makka tomon safar qilishlari uchun ruxsat berishini soʻraydi va ijobiy javob oladi. Holbuki, tarixiy hujjatlar tahlili 1751 va 1762-yillar oraligʻida Turkistondan kelgan elchilarning bunday mazmundagi iltimoslari rad etib kelinganini koʻrsatadi.
Tarixiy dalillar mulla Ernazarning savdo ishi bilan hamda rasmiy elchi sifatida juda koʻp marta Rossiya imperatorlari huzurida boʻlganini tasdiqlaydi. Chunonchi, u Yelizaveta Petrovna (1741-1762), Petr III (1762), Yekaterina II (1762-1796) kabi imperatorlar bilan muzokaralar olib borgani maʼlum. Uning Buxoro amirligining amaldagi hukmdori Donyolbiy (1758-1785) nomidan 1774-1776 va 1779-1780-yillarda ikki marta Sankt-Peterburgga borishi tafsilotlari tarixiy hujjatlarda tamgʻalanib qolgan.
Rossiya imperiyasi Tashqi siyosat arxivi jamgʻarmasida 1762-yilning 6-iyuniga doir hujjatda yozilishicha, mulla Ernazar Maqsud oʻgʻli 1745-yildan boshlab, yirik savdogar sifatida uzoq yillar davomida Rossiyaga oʻz karvoni bilan qatnab turgan. Boshqacha aytganda, u deyarli 40 yil ichida Rossiya imperatorlari, ayniqsa, Yekaterina II bilan savdo ishi yuzasidan faol hamkorlik qilgan. Oʻrtadagi ishonch shu qadar kuchli boʻlganki, hatto u imperatorlarning shaxsiy topshirigʻiga binoan Buxoro, Hindiston, Xuroson va boshqa joylardan ularning buyurtmalarini keltirib turgan. Bir tarixiy rasmiy hujjatda qayd etilishicha, imperatorlarning qimmatbaho toshlar uchun qilgan buyurtmasi mulla Ernazarning oʻz shaxsiy mablagʻi hisobidan sotib olgan. Bir safar imperator undan Turkistonda rus millatiga oid qullarni vataniga qaytarishda yordam soʻragan. Mulla Ernazar ana shunday 21 qulni Buxoro, Xiva shaharlarida sotib olib, Rossiyaga olib borgan.
Birinchi elchilik 53 kishidan iborat boʻlib, uning tarkibiga mulla Ernazardan tashqari uning oʻgʻli Muhammad Sharif, mulla Arab, mulla Xalil, mulla Bobosharif, yuzboshi Ayozberdi, shuningdek tabib, oshpazlar, nonvoylar, xizmatkorlar, 9 ta cholgʻuchi, 10 ta otboqar kirgan.
Oʻrtadagi ishonchni, shuningdek, Rossiya tashqi savdo aloqalarining katta qismi Turkistonga toʻgʻri kelishini hisobga olgan Yekaterina II mulla Ernazar bilan oʻzaro manfaatli kelishuvlarni tuzgan, deyish mumkin. Oʻzbek elchisi mavjud vaziyatga toʻgʻri baho bera olish va muammolarni hal qilishda asosli qaror qabul qilish qobiliyati, shuningdek, ikki mamlakatni bogʻlagan karvon yoʻllaridagi yoʻltoʻsar toʻdalar xavfini bartaraf etishga doir yaxshi takliflari bilan imperatorni qoyil qoldirgan edi. Uning aynan shunday takliflari bois ayrim yoʻltoʻsar toʻdalarga qarshi kurash borasida samarali natijalarga erishilgan.
Aqlli va uddaburon savdogar tufayli Rossiyaning Turkiston va Hindiston bilan savdo aloqalari rivojlanishi mumkinligini toʻgʻri anglagan Yekaterina II 1776-yilning 19-dekabrida mulla Ernazarning Kaspiy orqali Mangʻishloq-Astraxan oraligʻida qatnab, savdoni rivojlantirishi uchun 5 yil muddatga 10 ming rubl miqdoridagi savdoni bojsiz amalga oshirishi uchun ruxsat beradi. Hatto imperator unga Kaspiy dengizi orqali oʻz mollarini tashishi uchun davlatga qarashli kemani ham sovgʻa qiladi. Maʼlumki, Mangʻishloq-Astraxan oraligʻida asosan rus kemalari qatnab turgan. Bu davrda turkistonlik savdogarlar Kaspiy dengizining Mangʻishloqdagi Qaragʻan va Qaboqli singari bandargohlarida Rossiya kemalari kelishini kutib uzoq vaqt qolib ketar edilar.
Mulla Ernazar bitirgan yana bir ish shundan iborat boʻlganki, Rossiyada 15 000 pud temir, 5 000 pud poʻlat, 3 000 pud mis sotib olish va boj toʻlovlarisiz Buxoroga joʻnatishga ham ruxsat ololgan.
Mulla Ernazar 1779-1780-yillarda ikkinchi marta Buxorodan rasmiy elchi sifatida Rossiyaga tashrif buyuradi. Bu gal ham oʻgʻli Muhammad Sharif otasi bilan birga boʻlgani maʼlum. Elchilik paytida haj safari maqsadida usmoniylar davlati yerlariga oʻtishda buxoroliklarning Rossiya hududida turli toʻsiqlarga duch kelmasliklarini imperatordan ruxsat soʻraydi. Elchining bu iltimosiga ijobiy javob qaytariladi, shuningdek, uning poytaxtdan yoʻlga tushib, Xerson orqali Qora dengizga, soʻng Istanbulga oʻtib ketishi uchun ham barcha sharoit yaratib beriladi (rejaga koʻra mulla Ernazar Sankt-Peterburgdan soʻng Istanbulga elchilik safarini amalga oshirishi lozim edi).
Oʻzbek elchisiga koʻrsatilgan hurmatni shundan ham bilsa boʻladiki, rus hukumati tomonidan unga bitta tarjimon, bir serjant va uch oddiy askar kuzatuvchi sifatida biriktirilib, 69 ta ot, oziq-ovqat, shuningdek xarajatlar uchun pul bilan ham taʼminlanadi. 1780-yilning oktyabr-noyabr oylarida mulla Ernazar usmoniylar bosh vaziri bilan siyosiy, savdo, haj masalalarida muzokaralar olib borgan. Biroq, u oʻzining shaxsiy niyatiga – haj amallarini bajarishga ulgurmay, 1781-yilning sentyabrida Makkaga borish yoʻlida kasalga chalinib vafot etadi.
Guldona Taniyeva,
Tarix instituti katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari nomzodi