Soniyalar qadridan millimetrlar ahamiyatigacha
Tinchlik davrida dunyo mamlakatlari Qurolli Kuchlari salohiyatini belgilab berishda harbiy musobaqalarning oʻrni beqiyos.
Xalqaro armiya oʻyinlari oldidan
Tinchlik davrida dunyo mamlakatlari Qurolli Kuchlari salohiyatini belgilab berishda harbiy musobaqalarning oʻrni beqiyos. Boisi mazkur bahslarda harbiy xizmatchilar real vaziyatlarda bajaradigan topshiriq va vazifalar bilan sinovdan oʻtadi. Xalqaro armiya oʻyinlari mana shu jihatlari bilan ham ahamiyatlidir.
Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan tashkil topgan Oʻzbekiston jamoasi mazkur nufuzli harbiy musobaqaning barcha tur va yoʻnalishlarida faol ishtirok etib, sovrindorlar safidan joy olib kelmoqda.
Mudofaa vazirligining Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi harbiy xizmatchilari ushbu musobaqaning “Yoʻl patruli” yoʻnalishida 2017-yildan buyon qatnashib keladi. 2017 va 2018-yillari Rossiya Federatsiyasining Noginsk shaharchasida oʻtkazilgan bahslarda jamoamiz munosib ishtirok etib, faxrli 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan edi. Oʻtgan yili Eron poytaxti Tehron shahri mezbonlik qilgan musobaqada ham vakillarimiz shohsupaning 3-pogʻonasidan joy oldi.
Xalqaro armiya oʻyinlarining “Yoʻl patruli” musobaqasi bu yil Oʻzbekistonda oʻtishi rejalashtirilgan. Musobaqa Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida joylashgan Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlardan birida boʻlib oʻtishi belgilangan.
Musobaqa umumiy besh shartdan iborat. Unda ishtirokchilar yakkalik va jamoaviy bahslarga kirishadi. Musobaqa dasturidan nafaqat avtomobilni mahorat bilan boshqarish, toʻsiqlardan betalafot oʻtish va marraga birinchi boʻlib yetib kelish, shuningdek, oʻqotar qurollardan nishonlarni yoʻq qilish, jarohat olganlarga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatish, yongʻin chiqqan hududga belgilangan vaqt oraligʻida yetib borish hamda uni bartaraf etish kabi bir-biridan murakkab shartlar oʻrin olgan.
Mahoratli harbiy xizmatchilardan iborat jamoamiz yil boshidan beri musobaqaga jiddiy tayyorgarlik koʻrmoqda. Quyida siz koʻrib turgan suratlar tayyorgarlik jarayonining 10-iyulga qadar boʻlib oʻtgan mavsumidan olingan (xabaringiz bor, mamlakatimizda kuchaytirilgan karantin cheklovlari bois barcha ommaviy yigʻin va tadbirlar vaqtincha bekor qilingan).
Bahslarni jonli kuzatsangiz, bu shunchaki avtomobil shaydoligi emasligini anglaysiz. Chunki goʻyo raqsga tushayotgandek koʻringan texnikalar maʼlum shart va topshiriqlarni bajarayotgan boʻladi. Bunda vaqt nuqtayi nazaridan soniyalar ham inobatga olinsa, oʻlchov jihatidan millimetrlar ahamiyati kishini hushyorlikka chorlab turadi.
Siz ham qiziqdingizmi? Keling, unda yaxshi niyat qilaylik: musobaqa oʻtkazilishi rejalashtirilgan kunlargacha pandemiya chekinsin, uni jonli tomosha qilib, yurtdoshlarimizni birga qoʻllab-quvvatlaylik.
“Vatanparvar” gazetasi muxbiri
Islomjon QOʻCHQOROV
OʻzA uchun maxsus tayyorladi