So‘nggi yillarda Fanlar akademiyasida "yangi davr" boshlandi (+video)
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan matematika, fizika, energetika, materialshunoslik, biologiya va qishloq xo‘jaligi sohalarida muhim fundamental va amaliy natijalarga erishilmoqda.
Mustaqillik davrida, ayniqsa, keyingi yillarda akademiya tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, uning tarkibida yangi ilmiy tashkilotlar ochilib, tizimdagi muassasalar soni qariyb 1,5 barobar ko‘paydi. Ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat byudjetidan moliyalashtirish tartibi yo‘lga qo‘yildi.
Yetakchi olimlar, iste’dodli yosh ilmiy xodimlarning faoliyati va ilmiy tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda ilm-fan namoyandalarining obro‘-e’tibori va nufuzini oshirish doimo davlat e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Soha vakillarining ish haqi hamda doktorantlarning stipendiyasi 3 barobar, akademiklarning gonorari 2-martadan ziyod oshirilgani, ilmiy darajaga ega ilmiy xodimlarning maoshiga 60 foizgacha ustama haq to‘lash tizimi joriy etilgani buni tasdiqlaydi.
Fanlar akademiyasi a’zolarining ijtimoiy-maishiy sharoitini yaxshilash, sog‘lig‘ini tiklash bo‘yicha ham tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan tadqiqotchilar uchun imtiyozli asosda xonadonlar ajratildi, oilali yosh doktorantlar bepul uy-joylar bilan ta’minlandi.
Akademiyaning nufuzli xalqaro tashkilotlar va rivojlangan davlatlardagi ilmiy markazlar bilan hamkorligi kuchayib, ular bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar ko‘lami ikki-uch barobar kengaydi.
Stajyor-tadqiqotchilik instituti qayta tiklanib, iste’dodli yosh tadqiqotchilarni tayyorlash sifati yaxshilandi. Hozirgi paytda O‘zbekistonda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan 30 mingdan ortiq tadqiqotchilarning yarmidan ortig‘ini aynan yoshlar tashkil etayotgani sohaning kelajagi ishonchli qo‘llarda ekanidan dalolat beradi.
Bugungi lavhamizda Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti rahbari, kimyo fanlari doktori, akademik Abbos To‘rayev so‘nggi yillarda Akademiyada amalga oshirilayotgan islohotlar, ilmiy natijalar va ilm uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil so‘zlab berdilar.
Muhayyo Turdaliyeva, Oybek Davronov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA