“So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadosi – yangi hayot boshlanishi
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” bu shunchaki o‘quv yili yakunlanishi emas, balki minglab yoshlar hayotida yangi orzular, katta maqsadlar va mustaqil hayotga qo‘yilayotgan ilk qadamdir. Bugun mamlakatimizda millionlab o‘quvchilar uchun yangrayotgan so‘nggi qo‘ng‘iroq sadosi nafaqat xayrlashuv, balki kelajakka chaqiriq sifatida ham ahamiyat kasb etadi.
Keyingi yillarda ta’lim sohasida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar, yangi maktablar qurilishi, raqamli ta’lim tizimining joriy etilishi hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar bugun o‘z samarasini bermoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2026-yil 25-may kuni respublikadagi 10 ming 193 ta davlat umumta’lim maktabida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilmoqda. Tadbirda 4 million nafardan ortiq o‘quvchi ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Joriy o‘quv yili yakunida 472 ming 436 nafar 11-sinf va 621 ming 894 nafar 9-sinf bitiruvchisi mustaqil hayot ostonasiga qadam qo‘yadi.
Tadbirlar avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maktab bitiruvchilariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Unda yoshlarning bilimli, vatanparvar va zamonaviy kasb egalari bo‘lib yetishishi mamlakat taraqqiyoti uchun muhim omil ekani ta’kidlandi.
Bu yil ham ta’limda yuqori natijalarga erishgan iqtidorli yoshlar munosib rag‘batlantirilmoqda. Xususan, 11-sinf bitiruvchilarining 9 ming 731 nafari oltin, 2 ming 47 nafari kumush medal bilan taqdirlanadi. Shuningdek, 9-sinf bitiruvchilarining 16 ming 486 nafari a’lo darajali shahodatnomaga ega bo‘lmoqda.
Ta’lim-tarbiyada faol bo‘lgan ota-onalar ham “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas’uliyatli ota-ona” kabi nominatsiyalar bilan taqdirlanishi ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, o‘tgan yillar davomida maktablar soni 513 taga ko‘payib, 750 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratildi. 2025-yilning o‘zida 30 ta yangi maktab qurilib, 120 ming o‘quvchi o‘rni tashkil etilgan. Natijada, 2016-yilda 4,7 million bo‘lgan o‘quvchi o‘rni bugun 5,5 milliondan oshdi.
Raqamli ta’lim sohasidagi yangiliklar ham muhim ahamiyatga ega. 2022–2023 o‘quv yilidan boshlab elektron shahodatnoma tizimi joriy etildi. Joriy o‘quv yili yakunida 1 million 93 mingdan ortiq bitiruvchiga elektron shahodatnoma berilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, yoshlarni zamonaviy kasb va texnologiyalarga o‘qitish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilmoqda. “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi doirasida 1 milliondan ziyod o‘quvchi xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan bo‘lsa, “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi bo‘yicha 59 mingdan ortiq o‘quvchi sertifikat oldi.
O‘zbekistonlik o‘quvchilarning xalqaro maydondagi yutuqlari ham ortib bormoqda. Keyingi 6 yilda xalqaro va mintaqaviy olimpiadalarda 628 ta medal qo‘lga kiritildi. Xususan, 2025-yilda 210 ta, 2026-yilning may oyiga qadar esa 108 ta medalga erishish yoshlar salohiyati yuksalayotganini ko‘rsatadi.
Albatta, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” — xayrlashuv oni. Ammo bu xayrlashuv ortida katta umid, ezgu orzu va yangi marralar mujassam. Bugun maktab bilan xayrlashayotgan yoshlar ertangi Yangi O‘zbekistonning tayanchi, ilm-fan, texnologiya va taraqqiyot drayverlariga aylanishi shubhasiz.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA