Soliqchilar ko‘magidan tadbirkorlar mamnun
Buxoro viloyatida “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlarning muammolarini hal etishda davlat soliq xizmati xodimlari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Jondor tumanida ham joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 700 dan ziyod tadbirkorlik sub’ektining turli muammolarini hal etishga ko‘maklashildi. Shundan, dastlabki buxgalteriyasini yuritish bo‘yicha 370 ta korxonaga yordam berilgan bo‘lsa, soliq imtiyozlari va ularni qo‘llash tartibini tushuntirish borasida 110 ta korxonaga ko‘maklashildi.


Tuman markazida joylashgan “Tekstil” korxonasi rahbari yaqin vaqtgacha o‘z faoliyatini o‘zi yashab turgan xonadonida amalga oshirib kelayotgan edi. Tabiiyki, korxona faoliyatini kengaytirish yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida kattaroq binoga ehtiyoj bor edi. Davlat soliq inspeksiyasi xodimlarining o‘z vaqtidagi ko‘magi bilan ushbu korxona yaqinda ijara asosida har tomonlama ishlab chiqarish talablariga mos bo‘lgan binoda ish boshladi. Natijada, korxonaning ishlab chiqarish hajmi oshirilishi hisobiga bu yerda ishlovchilar soni 30 nafarga yetkazildi.
Mazkur korxona mahsulotlariga ayni kunlarda ichki hamda tashqi bozorlarda talab tobora ortmoqda.


Tumandagi “Shijoat tekstil mash” korxonasi momiq sochiq mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida ushbu korxonaga soliq imtiyozlarini qo‘llashda va qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishda amaliy ko‘maklashildi.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, berilgan soliq imtiyozlari va yengilliklardan unumli foydalangan holda mazkur korxonada ham tarmoqlar yildan-yilga kengayib, qo‘shimcha ishchi o‘rinlari yaratilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA