“Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili amalda
Buxoro viloyati Jondor tumani hududidagi “Erkin bobo mebel mahsuloti” xususiy korxonasi zamonaviy tipda xonadonlar uchun turli ko‘rinishda mebel ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Korxonada 20 nafardan ortiq ishchi xodim mehnat qiladi.
Yaqinda korxonaga zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilish uchun davlat soliq xizmati xodimlari aralashuvi bilan 545 million so‘m kredit ajratilishiga ko‘maklashildi. Bu korxonada yana qo‘shimcha ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Ta’kidlash lozim hududda biznes vakillarini “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Tumanda yaqinda faoliyatini boshlagan “Oydin tekstil” korxonasida ayni paytda 20 nafarga yaqin xotin-qiz ishlamoqda.


Davlat soliq xizmati xodimlarining ko‘magi bilan tikuv sexiga 170 million so‘m imtiyozli kredit ajratilishiga ko‘maklashildi. Ushbu mablag‘ evaziga 17 ta zamonaviy tikuv mashinalari olib kelindi. Ayni paytda, bu yerda buyurtmaga asosan maxsus kiyim-bosh, ayollar hamda bolalar uchun kiyim-kechaklar tikilmoqda.
Hududdagi “Oydin” mahalla fuqarolari yig‘ini binosi oldidagi bo‘sh turgan binoda yaqinda faoliyatini boshlagan “Shiddat grup” korxonasida mavsumga qarab erkaklar uchun kiyim-bosh tikilmoqda. Ayni paytda, korxonada 25 nafardan ortiq xotin-qizlar mehnat qiladi. Korxonaning barqaror faoliyat yuritishi uchun davlat soliq xizmati xodimlari aralashuvi bilan bo‘sh turgan bino berildi hamda subsidiya asosida 130 million so‘m kredit ajratildi. Yaqin orada rejaga ko‘ra korxonada maxsus oyoq kiyimlar ham ishlab chiqariladi.

Buxoro viloyati Davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmatining taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilining shu kuniga qadar Jondor tumanida “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili doirasida hududdagi 440 ta tadbirkorlik sub’ektlari o‘rganildi. Shundan 400 tasiga ko‘maklashish zarurligi aniqlangan. Ularning barchasiga yo‘nalishlar kesimida belgilangan tartibda amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Zarif Komilov, O‘zA