“Soliqchi – ko‘makchi” – Navoiyda amaliy ishlar davom etmoqda
Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev ishtirokida Navoiy va Zarafshon shaharlari hamda Navbahor va Qiziltepa tumanlarida tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, viloyatning barcha hududlarida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlari vakillarining muammolari o‘rganildi.
Joriy yil 16 mart kuni Prezidentimiz Davlat soliq qo‘mitasiga tashrif buyurib, soliq organlari xodimlari bilan muloqot davomida tadbirkorlar bilan uchrashib ularni muammolarini tinglash, soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar bo‘yicha tushuntirishlar berish yuzasidan zarur topshiriqlar bergan edi.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari uchrashuvlar chog‘ida tadbirkorlar faoliyatida yengillik yaratish maqsadida qo‘mita tomonidan ishlab chiqilgan “E-aktiv”, “E-imtiyoz”, “E-ijara” avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulotlari hamda tekshiruvdan oldingi avtomatik tahlil - “Avtokameral” tizimining afzalliklari haqida ma’lumotlar berdi.
– “Avtokameral” avtomatlashtirilgan axborot tizimining ishga tushirilishi sohadagi yangiliklardan biridir, – dedi J.Abdiyev. – Soliq organlari bu tizim orqali soliq to‘lovchilar faoliyatida tekshiruvdan oldingi tekshirishlarni emas, balki tahlillarni o‘tkazishi mumkin. Ya’ni, soliq to‘lovchi faoliyati davomida qandaydir xatoliklarga yo‘l qo‘yayotgan bo‘lsa yoki hisobotlarida qandaydir tafovutlar kuzatilayotgan bo‘lsa, avtomatlashgan tizim darhol soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga xatoliklarni tuzatish haqida xabarnoma jo‘natadi. Eng muhimi, bunda inson omili aralashmaydi. Aqlli dastur o‘zi kamchiliklarni aniqlab, o‘z vaqtida xabar beradi.
Navoiy viloyatida “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyilini amaliyotga keng joriy etish maqsadida, tadbirkorlarda ko‘p uchrayotgan va ularni qiynayotgan yo‘nalishlardagi muammolarni hal etish choralari ko‘rildi.
Soliq turlari bo‘yicha 1 716 ta sub’ektning qariyb 3 milliard 320 million so‘m ortiqcha to‘lov summasi qaytarib berildi.
Shuningdek, viloyatda 5133 ta qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, bugungi kunga qadar 60 nafar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarning 22 milliard so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘idan manfiy qoldiq summasi ularning hisob raqamlariga qaytarilgan.

Tadbirkorlik sub’ektlarini ortiqcha xarajatlar va qonun buzilishlaridan saqlash maqsadida, 167 tasiga hisobotlarini to‘ldirish va topshirishga ko‘maklashildi.
“E-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimi bo‘yicha yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlarining 120 tasiga faoliyat turidan kelib chiqib, “E-ijara” avtomatlashtirilgan axborot tizimi bo‘yicha esa 57 tasiga tushunchalar berildi.
bugungi kunga qadar viloyatda “E-ijara” avtomatlashtirilgan dasturiy mahsuloti orqali 7536 ta shartnoma rasmiylashtirilgan bo‘lsa, “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyiliga asosan, viloyatda aylanma mablag‘ga muhtoj bo‘lgan 3 ta tadbirkorlik sub’ektiga 102 million so‘m kredit olinishiga ko‘maklashildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA