Soliq to‘lovchilarning huquqlari kafolatlanadi
Xorazm viloyat ma’muriy sudi tomonidan viloyat Soliq boshqarmasida soliq qonunchiligini to‘g‘ri qo‘llash, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini ta’minlash hamda nizolarni sudgacha hal etish masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat ma’muriy sudi raisi Jamila Sultanova, sudyalar hamda boshqarmaning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Muloqot davomida soliq organlari faoliyatida qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, murojaatlarni o‘z vaqtida va xolis ko‘rib chiqish masalalari muhokama qilindi.
– Ma’muriy odil sudlovning bosh maqsadi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini davlat organlarining noqonuniy qarorlari yoki harakatlaridan himoya qilishdan iboratdir, – deydi Xorazm viloyati ma’muriy sudi raisi Jamila Sultanova. – Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat soliq nizolarini sudgacha bo‘lgan bosqichda xolis va to‘g‘ri ko‘rib chiqish orqali hal etish imkoniyati mavjud. Bugungi ochiq muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham soliq idoralarining mas’uliyatini oshirish, ma’muriy hujjatlarni qabul qilishda qonun talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashdir.
[gallery-30872]
Sud tomonidan joriy yilning birinchi yarmida soliq organlarining 30 ta qarorlari haqiqiy emas deb va mansabdor shaxslarining harakati (harakatsizligi) qonunga xilof deb topilgan.
Shu sababli soliq organlarining qarorlari va harakatlari bilan bog‘liq nizolarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish choralari hamda sudgacha hal etish mexanizmlarini samarali qo‘llash yuzasidan fikr almashildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari