Soliq sektori: qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
So‘nggi yillarda mamlakatimizda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayni shu maqsadda hududlarni sektorlarga bo‘lib ishni tashkil etish tizimining joriy etilgani esa xalq bilan manzilli muloqotning yo‘lga qo‘yilishiga imkon yaratdi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xususan, Namanganda viloyat, shahar va tuman to‘rtinchi sektorlarga mas’ul soliq organlari tomonidan hudularni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarish, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratib kelinmoqda.
– To‘rtinchi sektor tomonidan viloyatdagi 784 ta mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan shakllantirilgan “Temir daftar”ga ijtimoiy ko‘makka muhtoj 7 ming 735 ta ehtiyojmand oila va ularda yashovchi 35 ming 209 kishi kiritilib, ularga 11 ming 314 marotaba 10 milliard 414 million so‘mlik moddiy yordamlar ko‘rsatildi, – deydi Namangan viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Adhamjon Tillavoldiyev.

11 ming 725 kishi bandligini ta’minlash choralari ko‘rildi. Amaliy sa’y-harakatlar natijasida, “Temir daftar”dan 7 ming 735 ta oilaning 34 ming 654 nafar a’zosi ro‘yxatdan (99 foizi) chiqarildi. Qolgan 106 ta oila, ulardagi 405 nafar fuqaroning muammolarini hal etish, daromad manbaini oshirish orqali kambag‘allikdan chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
Aytish joizki, mazkur daftardagi 196 ehtiyojmand oilaga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilib, ularning 172 a’zosi turli kasb-hunar yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitildi, 2 ming 183 kishi o‘z-o‘zini rasmiy band qildi.

Hozirgi paytda hududlarda hokim yordamchilari bilan birgalikda “Mahallabay” ishlash tizimi asosida uyma-uy yurib, qayta xatlovlar amalga oshirildi, natijada aniqlangan ehtiyojmand oilalarni “Temir daftar”ga kiritish choralari ko‘rilmoqda.
Xotin-qizlarni har tomonlama ijtimoiy muhofaza qilish to‘rtinchi sektor faoliyatida muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Ayollar daftari”ning dastlabki bosqichida 8 ming 396 nafar, ikkinchi bosqichida kiritilgan 7 ming 722 nafar xotin-qiz bildirilgan muaommolarini bartaraf etish, ishsizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kreditlar ajratish va boshqa turdagi yordamlar berish orqali daftardan chiqarildi.
Ushbu daftardagi 3 ming 246 nafar xotin-qizga tibbiy xizmatlar va 558 nafariga psixologik yordamlar ko‘rsatilib, 937 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 2 ming 934 nafari o‘zini-o‘zi band qildi, 1 696 nafar ayol tomonidan tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

– Maxsus daftarlar xalqimizni ertaga emas, bugunidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash maqsadida qilingan ishdir, – deydi Namangan shahridagi Majnuntol mahallasida istiqomat qiluvchi Dilnoza Abdulhamidova. – Uyda bekor yurgan paytimda MFY tomonidan “Ayollar daftari”ga kiritishdi. Chevarchilikka ishtiyoqim va bilimim borligi sababli menga tikuvchilikka ixtisoslashgan kooperativ tashkil etishga ishonch bildirildi. Mahalla idorasi yonginasida bo‘sh turgan bino Namangan shahar Davlat soliq inspeksiyasi rahbari mas’ul to‘rtinchi sektorning amaliy ko‘magida ijaraga olib berilishi va kredit asosida 8 ta tikuv mashinasi keltirilishi natijasida o‘zim kabi “Ayollar daftari”da turuvchi 8 nafar mahalladosh ayollar bandligini ta’minlashga erishdik.
“Ayollar daftari”ning navbatdagi uchinchi bosqichi bo‘yicha 30 yoshdan yuqori bo‘lgan 139 ming 630 nafar xotin-qiz so‘rovnoma asosida xatlovdan o‘tkazilib, ulardan 12 ming 427 nafari ro‘yxatga kiritildi va ularga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Viloyat aholasining asosiy qismini tashkil etuvchi yosh avlod vakillarini harjihatdan qo‘llab-quvvatlash, xususan “Yoshlar daftari”dagilarning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, tadbirkorlikka qiziqqan yigit-qizlarning biznes g‘oyalarini amalga oshirish borasida to‘rtinchi sektor tomonidan salmoqli ishlar olib borilmoqda.
“Yoshlar daftari”ni shakllantirishda to‘rtinchi sektorlarda 103 ming 910 yosh so‘rovnoma asosida xatlovdan o‘tkazilib, ularning 11 ming 550 nafari ro‘yxatga olindi.

E’tiborlisi, “Yoshlar daftari”dagilarning 429 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 835 nafar yosh tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bundan tashqari 873 o‘g‘il-qizga “Har bir oila tadbirkor” Davlat dasturi doirasida jami 1 milliard 492 million so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilishi ta’minlandi.
Chust tumanining Mehnatobod mahallasidagi "Chust Gulchexra Sanoat" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga “Yoshlar daftari”dagi 37 nafar o‘g‘il-qiz doimiy ishga joylashtirildi.
“Mahallabay” ishlash tizimi asosida 4-sektorlardagi 166 ta mahallada mavjud 109 ming 992 ta xonadon to‘liq o‘rganilgan bo‘lib, jami aniqlangan 16 ming 172 ta muammodan 14 ming 846 tasi yoki 91,8 foiz muammo hal etildi.
Sektor vakillari tomonidan uyma-uy yurgan holda mehnatga layoqatli 28 ming 696 kishi, shundan 9 ming 388 nafari ishlash istagini bildirgan. Ayni paytga qadar 6 252 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.
O‘rganishlar natijasida kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qish istagi mavjud 3 ming 876 kishi borligi aniqlanib, shundan 3 ming 654 nafari o‘qitilib, buning natijasida 3 ming 65 nafar fuqaro tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, ularga 19 milliard 818 million so‘mlik miqdoridagi imtiyozli kreditlar ajratildi. Nitajada 3 ming 65 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Namangan viloyati soliq organlari mas’ul to‘rtinchi sektor tomonidan hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash ustuvor vazifa bo‘lib turibdi. Ayni shu maqsadda mahallalarda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini rivojlantirish borasida jami 2 ming 240 ta tadbirkorlik sub’ekti o‘rganildi. Ularda mingdan ortiq muammo borligi ma’lum bo‘ldi. Hozirga qadar 912 ta masala o‘z yechimini topgan bo‘lsa, yana qolgan 89 ta muammoni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, 4-sektor hududlarida 14 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi 14 ta ko‘cha so‘ritok usulida uzum yetishtirish uchun tanlab olindi va undagi xonadonlarga 2 ming 905 ta ko‘chat ekilishi boshlab yuborildi.
Chust tumani to‘rtinchi sektor tashabbusi bilan Xisorak mahallasida “Farg‘ona tajribasi” asosida so‘ritok usulida uzum yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda. Ayni kunlarda metall konstruksiyali ixcham va baland 400 metrlik so‘rilar o‘rnatilmoqda. Bu kabi uzumchilikdan yaxshigina daromad olish mumkin. Misol uchun, xisorakliklarning xonadonlari oldiga o‘tqazilayotgan mazkur uzumchilik tarmog‘idan har bir oila kamida 10 million so‘mdan daromad topishi mumkin.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ko‘chalardagi xonadonlar tashqarisida 5,8 km. uzunlikda so‘ritoklar qurib bitkazilishi natijasida qo‘shimcha o‘rtacha 226 tonna uzum yetishtirilishi, o‘rtacha olinishi kutilayotgan daromad 1,8 milliard so‘m yoki bitta xonadon tomonidan 1,5 million so‘m daromad topishi kutilmoqda. Belgilangan mahallalarda yashab kelayotgan 1 ming 239 nafar ishsiz aholi bandligini ta’minlashga ham erishiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA