Soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar tushuntirilmoqda
Xorazm viloyatida soliq boshqarmasi va uning hududiy inspeksiyalari hamda tegishli tashkilotlar vakillaridan tuzilgan ishchi guruhi tomonidan soliq qonunchiligidagi yangiliklarni soliq to‘lovchilarga yetkazish maqsadida joylarda yuzma-yuz uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 12 avgustdagi «Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq berilgan soliq bo‘yicha ayrim yengillik va o‘zgarishlar 2026 yildan kuchga kiradi.
Ushbu qaror mazmun - mohiyati bilan tadbirkorlarni tanishtirish va ular uchun yaratilgan qulayliklar haqida ma’lumot berish uchun navbatdagi uchrashuv Yangiariq tumanida tashkil etildi.
Uchrashuvda viloyatning bosh soliqchisi shaxsan o‘zi ishtirok etib, tadbirkor va fuqarolarga yangiliklarni yetkazdi.
[gallery-26704]
– Xorazm viloyatida jami 16 mingdan ortiq yakka tartibdagi tadbirkorlar va 18 mingga yaqin o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslar, Yangiariq tumanida 694 ta yakka tartibdagi tadbirkor va 12 ming 720 ta o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar bor, –dedi viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Saidov. – Soliq tizimining raqamlashtirilishi tufayli soliq to‘lovchilarga yanada tezkor, qulay va sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida barcha aholi gavjum joylarda tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Qabul qilingan qarorga asosan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun maxsus huquqiy rejim ishlab chiqiladi. Ya’ni 2030 yil 31 dekabrga qadar to‘lov tashkilotlarining raqamli platformalari orqali yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga barcha xizmatlar onlayn tarzda ko‘rsatiladi.
– Eng asosiysi, barcha zarur xizmatlarni qamrab oluvchi raqamli platformalar yaratiladi, –dedi Sh. Saidov. – Ya’ni yakka tartibdagi tadbirkor va o‘zini o‘zi band qilgan shaxs faoliyatini ro‘yxatdan o‘tkazish va to‘xtatib turish shu bilan birga soliqlarni avtomatik ravishda hisoblab chiqarish va to‘lash tartiblari joriy qilinadi. Tadbirkorlar o‘z faoliyatidagi savdo va xizmat ko‘rsatishdagi operatsiyalarini real vaqt rejimida fiskallashtiradi. Qolaversa, tovar va xizmatlar realizatsiyasi uchun hisob-kitoblarni amalga oshirish bilan birga jismoniy shaxslar o‘rtasida o‘zaro hisob-kitoblar, jumladan, pul o‘tkazmalarini amalga oshira oladi. Tadbirkorga berilayotgan yengilliklardan biri soliq va boshqa hisobotlarni avtomatik ravishda shakllantiradi va yuboradi. Bularning barchasi raqamlashgan va fiskallashgan jarayonda amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida teng sharoitlarni ta’minlash maqsadida 2026 yil 1 yanvardan boshlab maxsus huquqiy rejim joriy qilinadi.
– Menga ma’qul kelgan tomoni ushbu maxsus huquqiy rejim joriy qilinishi bilan birga yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini va daromadi yuz million so‘mdan oshgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni aylanmadan olinadigan soliq to‘lashga o‘tkazish tartibi bekor qilinayotganidir, – deydi tadbirkor Xursand Ro‘zmetov. – Shuningdek, yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanmoqda. Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarda raqamli platformalarda generatsiya qilingan elektron to‘lovlarni qabul qiluvchi maxsus QR kod mavjud bo‘lishi chakana savdo qoidalarining majburiy talabi etib belgilanadi va maxsus QR kod mavjud emasligi nazorat-kassa texnikasini yoki hisob-kitob terminallarini qo‘llamaslikka tenglashtiriladi.
Xulosa o‘rnida aytish kerakki, soliq ma’muryatchiligida qo‘llanilayotgan ushbu tizimli ishlar joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining qonuniy bandligini ta’minlash, yashirin iqtisodiyotning oldini olish hamda raqamli xizmatlardan keng foydalanish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari