Soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar tushuntirildi
Namangan shahrida tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirokida soliq va byudjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan soliq qonunchiligidagi o‘zgartishlar mohiyatiga bag‘ishlangan yuzma-yuz muloqot bo‘lib o‘tdi.
Mutaxassis va ekspertlar qonunchilikdagi o‘zgartishlar, shu jumladan, Soliq kodeksining ayrim moddalariga kiritilgan qo‘shimchalar, sohadagi yangiliklarni sharhladi. Shuningdek, kameral soliq tekshiruvlari, foyda, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bo‘yicha kiritilgan yangiliklar ham ishtirokchilarni befarq qoldirmadi.


O‘zbekiston Respublikasining “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni, “Soliq va byudjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni, davlatimiz rahbarining 2023 yil 29 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasining “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur normativ huquqiy hujjatlarga asosan soliq qonunchiligiga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.


Jumladan, Soliq kodeksining soliq to‘lovchilarning majburiyatlari to‘g‘risidagi 22-moddasi soliq hisobotlarining va soliqlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lash uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlarning uch yil mobaynida but saqlanishi belgilandi. Ilgari mazkur muddat 5 yil edi. Mazkur kodeksning 84-moddasidagi soliq hisobotini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni saqlash muddati besh yildan uch yilga qisqartirildi.
Kodeksning 88-moddasidagi soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddatlari soliq davri tugaganidan keyin besh yildan uch yilga qisqartirildi.


Yana bir muhim o‘zgarishlardan biri sifatida Soliq kodeksining 104-moddasidagi ortiqcha to‘langan soliq summasini hisobga olish yoki qaytarish to‘g‘risidagi ariza ko‘rsatilgan summa to‘langan kundan e’tiboran uch yil ichida berilishi mumkin. Avval mazkur muddat besh yil edi. Ushbu hujjatning 105-moddasidagi ortiqcha undirilgan soliqni hisobga olish yoki qaytarish tartibidagi ortiqcha undirilgan soliq summasini undan soliq ortiqcha undirilgani fakti o‘ziga ma’lum bo‘lgan kundan yoki sud qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran hisobga olish yoki qaytarish to‘g‘risidagi ariza berish muddati besh yildan uch yilga qisqartirildi.
Muloqot davomida kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlari vakillarining kameral soliq tekshiruvlari borasida berilgan savoliga mutaxassislar tomonidan kameral soliq tekshiruvi jarayonida soliq to‘lovchining hududiga kirish, soliq to‘lovchining hududini va binolarini ko‘zdan kechirish, soliq to‘lovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish, soliq to‘lovchining hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish taqiqlangani, QQSni qoplash (qaytarishda) o‘tkaziladigan kameral soliq tekshiruvi bundan mustasno ekanligi bildirilib, bu borada batafsil tushuntirish berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri