Soliq qarzdorligi MIB ko‘magida undirilmoqda
Surxondaryo viloyatida o‘z vaqtida to‘lanmagan soliq to‘lovlarini undirish uchun Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va viloyat davlat soliq xizmati organlari xodimlari hamkorligida tuzilgan ishchi guruhlar qarzdor jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulklarini ko‘zdan kechirib, xatlovga olmoqda.
Soliqlar–iqtisodiyotimiz tayanchi, farovon hayotimiz manbai. Biroq ayrim soliq to‘lovchilar o‘z majburiyatlarini unutib, qarzlarini qasddan to‘lamayotgan holatlarga duch kelinmoqda. Bunday harakatlar soliqlarni majburiy tartibda undirishga sabab bo‘layotir.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi qarori bilan Angor tumanidagi "Zamin Angor Cluster" mas’uliyati cheklangan jamiyatidan 902 million so‘m soliq qarzdorligini undirish belgilangan. Soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati MIB Angor tuman bo‘limi ish yurituviga qabul qilinib, hisob raqamlariga tegishli tartibda band solindi. Davlat ijrochilarining bu harakati muddati o‘tgan qarzdorlikning asosiy qismini undirib olish imkoniyatini yaratdi. Qisqa muddatda 836 million so‘m soliq undirildi. Ayni paytda qarzning qolgan qismini undirish uchun "Zamin Angor Cluster" mas’uliyati cheklangan jamiyatining mol-mulklarini aniqlab, xatlash ishlari olib borilmoqda.

Yana bir holatda viloyat davlat soliq boshqarmasining joriy yil mart oyidagi ikkita ijro hujjatiga asosan Sariosiyo tumanidagi “Abdullo-Davr” xususiy korxonasidan 798 million 104 ming so‘m soliq qarzdorligini undirish belgilangan edi.
– Olib borgan majburiy ijro harakatlarimiz chog‘ida qarzdor korxonaning barcha hisob raqamlariga band solinib, bino inshootlari hamda 0,35 gektar yer maydonidagi issiqxona xatlovga olindi, – deydi MIB Sariosiyo tumani bo‘limi davlat ijrochisi Zafar Norboyev. – Mol-mulkidan ajralishni istamagan tadbirkordan shu yo‘l bilan qarzdorlik to‘liq undirib olinib, ijro hujjati belgilangan tartibda ish yurituvdan tamomlandi.

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari asosida MIB viloyat boshqarmasi va hududiy bo‘limlari ish yurituviga qabul qilingan hujjatlar doirasida 831 milliard 352 million so‘mlik ijro hujjatlari ijrosi ta’minlangan.
Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va viloyat davlat soliq boshqarmasi hamkorligida vohada yuzaga kelgan soliq qarzdorliklarini undirishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri