Soliq kodeksiga qanday o‘zgarishlar kiritildi?
Unda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tizimi rahbar va xodimlari, Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassislari, uyushma tarkibidagi korxonalar rahbarlari, va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalari korxonalarining rahbarlari va mas’ul xodimlari tomonidan yangi tahrirdagi Soliq kodeksini chuqur o‘rganish, ularning bu boradagi bilimlarini oshirish, soliq to‘lovlarini to‘g‘ri va o‘z vaqtida hamda to‘liq miqdorda to‘lanishini tashkil etish maqsadida, 2019 yil 14 yanvar kuni “O‘zcharmsanoat” uyushmasida yangi tahrirdagi Soliq kodeksining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi.
Unda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tizimi rahbar va xodimlari, Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassislari, uyushma tarkibidagi korxonalar rahbarlari, va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Seminarda qayd etilganidek, 2020 yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan, jismoniy va yuridik shaxslar kiritilgan o‘zgarishlarga muvofiq soliq to‘lovlarini amalga oshiradi. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida soliqlarni ortiqcha undirganlik uchun davlat soliq xizmati organlarining javobgarligi kuchaytirildi, zamonaviy usullarni qo‘llagan holda xorijiy amaliyotda sinalgan soliq nazorati shakllari joriy etildi, shuningdek, soliqlarni hisoblash va to‘lash tartiblari soddalashtirildi.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksidan muayyan to‘lovlar va yig‘imlar chiqarib tashlandi va ularni alohida qonunlarga o‘tkazildi (davlat boji, bonuslar, yig‘imlar).
Ayrim soliqlarning (ijtimoiy soliq, aylanmadan olinadigan soliq) nomi va tuzilmasi o‘zgartirildi.
Ba’zi soliq to‘lovchilar (qishloq xo‘jaligi korxonalari, oilaviy korxonalar) uchun soliq imtiyozlari bekor qilindi.
Jumladan, Yagona ijtimoiy to‘lov o‘rniga ijtimoiy soliq joriy etildi. Yagona soliq to‘lovi o‘rniga aylanmadan olinadigan soliq tizimi kiritildi. Qat’iy belgilangan soliq o‘rniga qat’iy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i amaliyotga joriy etildi.
Amalda bo‘lgan soliq turlari 9 tagacha qisqardi.
Soliq to‘lovchining qarzini uning debitoridan undirish tartibi ham bekor qilindi.
Shuningdek, ortiqcha to‘langan soliq summasini o‘z vaqtida qaytarish mexanizmi ishga tushirildi. Qaytarish muddati 15 kun deb belgilandi.
Bundan tashqari, davlat soliq xizmati idoralari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar soni 3 tagacha qisqartirildi: kameral soliq, sayyor soliq, soliq auditi kabi tekshiruvlar qo‘llaniladi.
O‘z navbatida, yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan, soliq imtiyozlari faqat Soliq kodeksiga asosan taqdim etiladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Mahkamasining qarorlariga asosan berilgan imtiyozlar, imtiyozlar berilgan muddatga qadar amalda bo‘ladi.
Davlat bojiga oid normalar kodeksdan chiqarildi. Endi bu boradagi munosabatlar “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonun bilan tartibga solinadi.
Seminarda shuningdek, Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartishlar kiritilganligi to‘g‘risida ham ma’lumotlar berildi.
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga (69–II-son Qonun) tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash sohasida mahalliy davlat hokimiyati organlari vakolatlari qismida o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, kodeksning yangi tahririga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlarining mahalliy soliqlar bo‘yicha imtiyoz belgilash huquqi bekor qilinadi.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 21-moddasiga asosan, soliq to‘lovchilar quyidagi huquqlarga ega:
soliq organlaridan va boshqa vakolatli organlardan (ularning vakolatlari doirasida) amaldagi soliqlar to‘g‘risida, soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagi o‘zgarishlar haqida, soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi to‘g‘risida axborotni, soliq hisobotining va arizalarning shakllarini, shuningdek ularni to‘ldirish tartibi haqida tushuntirishlarni bepul olish;
o‘z soliq majburiyatlarini bajarish yuzasidan soliq organlarida va boshqa vakolatli organlarda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni olish;
ushbu Kodeksda belgilangan asoslar mavjud bo‘lganda va tartibda soliq imtiyozlaridan foydalanish yoxud ulardan foydalanishni rad etish;
soliqlar, penyalar va jarimalarning ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan summalarini o‘z vaqtida hisobga o‘tkazish yoki qaytarish;
ushbu Kodeksda belgilangan tartibda va shartlarda soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash va boshqa huquqlarga ega.
Tadbir yakunida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tarkibidagi korxona rahbarlari, hisobchilari va OAV vakillari yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan kiritilgan boshqa yangiliklar va o‘zgarishlar to‘g‘risida Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassislaridan to‘liq ma’lumotlar olishdi.