“Soliq hamkor” samarasi ortib bormoqda
Jizzax viloyatida “Soliq hamkor” avtomatlashtirilgan dasturi orqali jamoatchilik nazorati tobora faollashib, soliq intizomini mustahkamlash, iqtisodiy munosabatlarda ochiqlik va shaffoflik ta’minlanmoqda.
Xususan, noxolis savdo holatlari hamda xarid cheki berilmasligiga befarq bo‘lmagan fuqarolarning faol ishtiroki natijasida qonunbuzilishlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish borasida muhim natijalarga erishilmoqda.
Joriy yilning 22-iyul holatiga ko‘ra, “Soliq hamkor” avtomatlashtirilgan dasturi orqali Jizzax viloyati bo‘yicha jami 2544 ta murojaat kelib tushgan.

Ularni o‘rganish natijalariga ko‘ra, 1829 ta murojaat o‘z tasdig‘ini topgan. 660 ta murojaat rad etilgan bo‘lsa, yana 55 tasi hozirda belgilangan tartibda o‘rganilmoqda.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida qator qoidabuzarliklar aniqlangan. Jumladan, berilmagan xarid cheklari summasi 730 million 700 ming so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, kirim qilinmagan tovarlar summasi 9 milliard 480 million so‘m ekani ma’lum bo‘lgan.
Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan belgilangan tartibda ta’sir choralari qo‘llanilib, jami 9 milliard 680 million so‘m miqdorida moliyaviy jarima belgilangan.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, berilmagan har bir xarid cheki xufiyona iqtisodiyotning ortishiga, davlat byudjetiga tushishi lozim bo‘lgan mablag‘larning yashirilishiga sabab bo‘ladi. Shu bois har bir xaridda chek talab qilish nafaqat iste’molchining qonuniy huquqi, balki iqtisodiyotda ochiqlik va adolatni ta’minlashga qaratilgan muhim fuqarolik mas’uliyati hamdir.
Fuqarolar xarid jarayonida qonunbuzilish holatlariga duch kelsa yoki xarid cheki berilmaganiga guvoh bo‘lsa, “Soliq hamkor” avtomatlashtirilgan dasturi orqali murojaat yo‘llab, soliq intizomini mustahkamlash va shaffof iqtisodiy muhitni qaror toptirishga munosib hissa qo‘shishi mumkin.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri