Soha faxriylari yo‘qlandi
1 oktyabr - o‘qituvchi va murabbiylar kuni
Adliya organlari tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan Alisher Mardiyev, «Ustoz-shogird» an’anasi asosida ko‘plab shogirdlarni yetishib chiqishida fidoyilik ko‘rsatdi. Qonun sohasining turli mas’uliyatli lavozimlarida ishlagan pallalarda bu insonga ziyolilik zeb berdi, har neki muammo bor bo‘lsa, murosayu muloyimlik tafti bilan yumshatdi. Shuning uchun bugun odamlar va shogirdlar ardog‘ida, e’tiborida.

1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Davlat xizmatlari agentligining Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i M.Kurbanov, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Sh.Azizov, Samarqand viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Nuriyev, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari J.Zohidov, shuningdek, Notarial palataning Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i U.Murtazayev adliya tizimida uzoq yillar davomida faoliyat yuritgan faxriylar bilan uchrashdi. Ularga bayram sovg‘alari, tashakkurnomalar va vazirlik tomonidan ajratilgan pul mablag‘larini topshirdilar.

Shogirdlar e’tiboridan mamnun bo‘lgan soha faxriysi qo‘llarini duoga ochib, yurtimizga tinchlik, yoshlarning kasb-korlariga baraka tiladi.
Qolaversa, Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazi direktori lavozimida ishlagan, bugungi kunda nafaqada bo‘lgan soha jonkuyari Suhrob Shodiboyev, FHDYO sohasida uzoq yillar mehnat qilgan Muzaffara Aminova, Shoira Zohidova, Risolat Nazarova, Nodira Tohirovalarning ham xonadonlarida jam bo‘lishdi. Ularga Boshqarma rahbariyatining bayram tabriklari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan bayramlar va alohida sanalar oldidan tizimda ko‘p yillar mehnat qilgan ustoz faxriylarni holidan xabar olish an’anaga aylangan. Ushbu an’ana ustozlar va sohaning yosh kadrlari o‘rtasida mustahkam aloqalarni o‘rnatishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maftuna Karimova, O‘zA