Sog‘lomlashtirish mavsumi faollari taqdirlandi
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi tomonidan bolalarni yozgi sog‘lomlashtirish tashkilotchilarining anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda bolalarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Muvofiqlashtiruvchi guruhi a’zolari, tegishli vazirliklar, korxona va tashkilot vakillari, sog‘lomlashtirish oromgohlari boshliqlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, Orolbo‘yi hududidagi 11 ta statsionar turdagi oromgohda yozgi mavsumda 7-14 yoshgacha 7485 bola, 69 ta madaniyat va sport sog‘lomlashtirish maydonchasida 16750, jami 24232 nafar bola sog‘lomlashtirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 2 ming 426 nafar bola Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona, Toshkent Xorazm viloyatlaridagi statsionar turdagi oromgohlarida bepul dam oldirildi. Ular uchun Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarining tarixiy va mustaqillik yillarida barpo qilingan joylariga sayohati tashkil qilindi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha yoz mavsumida bolalarning dam olishini tashkillashtirsh va o‘tkazishda faollik ko‘rsatgan bir guruh xodimlar va mavsum davomida faoliyatini yaxshi olib borgan oromgoh boshliqlari bolalarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Muvofiqlashtiruvchi guruh tomonidan taqdirlandi.
[gallery-9076]
Jumladan, Mo‘ynoq tumanidagi “Oq kema” oromgohi jamoasi “Eng yaxshi oromgoh – 2022”, Ellikqal’a tumanidagi “Orol bolalari” oromgohi boshlig‘i Rashid Allambergenov “Eng yaxshi oromgoh boshlig‘i”, Beruniy tumanidagi “Rohat” oromgohi boshlig‘i Shukurullo Mamutov “Eng mas’uliyatli tashkilotchi”, Taxitosh tumanidagi “Oydin yo‘l” oromgohi boshlig‘i Bekmurat Jumanazarov “Eng faol hamkor oromgoh rahbari”, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Husnitdin Hosilov “Eng yaxshi hamkor tashkilot”nominatsiyalari buyicha g‘olib deb topildi.
Shuningdek, “Eng g‘amxo‘r tarbiyachi”, “Eng faol yetakchi”, “Eng yaxshi sport murabbiyi”, “Eng mohir to‘garak rahbari”, “Eng yaxshi pazanda”, “Eng jonkuyar hokim”, “Yoz mavsumini tashkillashtirishda faol hamkorlik qilgan tashkilot” nominatsiyalari buyicha ham g‘oliblar aniqlanib, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Kengashi tomonidan taqdirlandi. Shu bilan birga 2022 yilgi bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish mavsumi davomida yaqindan yordam bergani uchun bir guruh xodimlar rag‘batlantirildi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA