Sog‘lom jamiyatda ma’naviy barkamol insonlar voyaga yetadi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub negizida inson qadrini ulug‘lash mujassam ekani yanada namoyon bo‘lib bormoqda.
Ijtimoiy jarayonlar, yoshlar tarbiyasi, oilaviy munosabatlar va axborot xurujlari mohiyatan bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lgani uchun barchasiga kompleks yondashuv bugungi zamon talabidir.
Ayniqsa, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mamlakat boshqaruvidagi faoliyati bilan bir qatorda ularning oiladagi mas’uliyatini kuchaytirish, sharqona gender tenglik asosida uy-ro‘zg‘or hayotiga kengroq jalb etish bugungi kunning dolzarb masalasidir. Ular o‘rtasida diniy-ma’rifiy va ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlash, nufuzini mustahkamlashga doir ishlar davlat va jamoat tashkilotlarining birgalikdagi harakatlarisiz muvaffaqiyatli amalga oshmaydi.
Mana shu zaruratni amalga oshirish yo‘lida Respublika targ‘ibot guruhining faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, mamlakatimizdagi to‘qqizta vazirlik va idoraning hamkorlikdagi qo‘shma qarori asosida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish chora-tadbirlar dasturi belgilangan. Ushbu qo‘shma qaror doirasida keng jamoatchilikni birlashtirgan holda inson qadrini ulug‘lash, islom dinining asl mohiyati – insonparvarlik, bunyodkorlik, bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni saqlab qolish borasida ustuvor vazifalar amalga oshirilmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan Respublika targ‘ibot guruhi davlat va jamiyat hayotidagi dolzarb masalalarni aholi o‘rtasida tushuntirish, ularning faol ishtirokini ta’minlash va turli ijtimoiy xatarlarning oldini olishga qaratilgan tizimli ishlarni olib bormoqda. Guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida avvalo oiladagi tarbiya masalalari va yoshlarning oila qurish borasidagi huquqiy va ma’naviy bilim-ko‘nikmalarini oshirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, raqamli muhitda yoshlarni axborot xurujlaridan himoya qilish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, turli zararli oqimlar va ekstremistik g‘oyalarga tushib qolgan fuqarolar orasida mafkuraviy-targ‘ibot ishlarini tizimli olib borish vazifalari mavjud.
Darhaqiqat, bugun dunyoda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish masalasi global ahamiyat kasb etib bormoqda. So‘nggi yillarda raqamli texnologiyalar va internetning keng tarqalishi bir tomondan axborot olish imkoniyatlarini kengaytirsa, ikkinchi tomondan yot g‘oyalar, soxta axborotlar va zararli kontentlarning tarqalishiga zamin yaratmoqda.
Bunday sharoitda targ‘ibot guruhlarining mahallalarda, ta’lim muassasalarida va mehnat jamoalarida olib borayotgan ishlari alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu bois, Respublika targ‘ibot guruhi faoliyatini kuchaytirish maqsadida hududlarda Respublika “Targ‘ibotchilar” forumlari tashkil etilmoqda. Qashqadaryo, Jizzax va Andijon viloyatlarida o‘tkazilgan mazkur forumlarda xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, diniy-ma’rifiy vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi amaliy ishlar tahlil etildi va takomillashtirildi.
Forumlar doirasida soha xodimlari va hududiy targ‘ibotchilar uchun seminar-treninglar tashkil etildi. Respublika targ‘ibot guruhi a’zolari mahallalarga borib, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida davra suhbatlari hamda uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, Andijon viloyatida bo‘lib o‘tgan III Respublika “Targ‘ibotchilar” forumida mahallalarda tizimli ishlar olib borildi. Oila maskanlari orqali ota-onalar bilan muntazam suhbatlar uyushtirildi, yoshlar bilan ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etildi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy soha vakillari bilan hamkorlikda diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etuvchi tadbirlar o‘tkazildi.
Respublika targ‘ibot guruhining har bir fuqaro, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar bilan individual ishlashi hamda tizimli targ‘ibotni yo‘lga qo‘ygani natijasida mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy sog‘lom muhitning barqarorlashishiga erishilmoqda.
Xulosa sifatida ta’kidlash lozimki, Respublika targ‘ibot guruhining asosiy maqsadi sog‘lom, bag‘rikeng va ma’naviy yetuk jamiyatni shakllantirishdir. Zero, sog‘lom jamiyatdagina ma’naviy barkamol insonlar voyaga yetadi va kamol topadi. Davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik esa bu yo‘ldagi eng ishonchli tayanchdir.
Pardaxol NORQOBILOVA,
Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’uli.
O‘zA