“So‘g‘diyona” pastga sho‘ng‘ishda davom etaversa...
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasi o‘yinlarining 3-turi Yaypanning “Turon” hamda Termizning “Surxon” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bilan nihoyasiga yetdi.
Endi FIFA kunlari munosabati bilan butun jahon mamlakatlari futbol milliy terma jamoalari o‘quv-yig‘inlari tashkil etilib, o‘rtoqlik o‘yinlarida ishtirok etishlarini hisobga olinib, boshqa davlatlar birinchiliklari kabi O‘zbekiston chempionatida ham 31 martgacha kichik tanaffus yuzaga keladi.
Ana shu salkam 2 haftalik tanaffus paytida superligadagi ayniqsa, quyi o‘rinlarga tushib qolgan klublarning rahbariyati o‘z jamoalaridagi vaziyatni chuqurroq tahlil qilib olishlari uchun bu juda muhim fursat.

Bu ta’kidlar, o‘tgan yillarda chempionlikka va OFK kubogiga da’vogar deb qaralgan, bugun 14 jamoa orasida eng so‘ngi o‘ringacha sho‘ng‘igan Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi bosh murabbiyi va rahbariyatiga ko‘proq taalluqli bo‘lsa ajab emas.
Yorqin Nazarov bosh murabbiyligidagi jizzaxlik futbolchilar o‘z maydonlarida 3 ta o‘yin o‘tkazib, 9 imkoniyatdan bor-yo‘g‘i 1 ochko jamg‘ardi, xolos. Bu kabi anti-rekord “So‘g‘diyona” kuchlilar safini tark etgan yillarida ham qayt etilmagan edi.
Jizzaxda har qanday raqibni tizzasini qaltirata olgan “So‘g‘diyona” futbolchilari bugun o‘z uylarida o‘ta past saviyadagi o‘yinlari bilan muxlislarini qat’iy e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Oddiy, ammo kattagina tajribaga ega futbol muxlisi sifatida, “So‘g‘diyona”ning 1 va 2-turlardagi Toshkentning “Bunyodkor” hamda “Olimpik” klublari, 3-turda esa Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi bilan Zominda kechgan uchrashuvlarni kuzatib, mening nazarimda, jamoada jismoniy tayyorgarligi ham, taktik tayyorgarligi ham va hatto futbolchilarning texnik tayyorgarligi bilan ham o‘ta past darajada shug‘ullanilgan, degan fikrga kelishimga asos bo‘ldi.
Futbol jamoaviy o‘yin. Maydonda 11 nafar futbolchi, xuddi shuncha raqib jamoa a’zolariga qarshi murabbiy tomonidan avvaldan tuzib berilgan ko‘rsatma, taktika va qayta-qayta ishlangan kombinatsiyalar asosida o‘yinni tashkil etadi.
“So‘g‘diyona”ni Zominda o‘tkazgan 3 uchrashuvini kuzatib, kombinatsiyalar asosida qurilgan jamoaviy o‘yinni ko‘rmadim. Mabodo bo‘lgan taqdirda ham murabbiy ularni futbolchilarga singdira olmagan.

Zominda “So‘g‘diyona”ga qarshi kechgan 3-turda “Neftchi” birinchi bo‘limdayoq jizzaxliklar darvozasiga 2 ta gol kiritib, 2-bo‘limda kuchlarini ortiqcha sarflab o‘tirmadi. Bu ham farg‘onaliklar bosh murabbiyi Vitaliy Levchenkoning o‘ziga xos taktikasi. Chunki 4-turni vodiyliklar Mirjalol Qosimov bosh murabbiyligidagi Olmaliqning OKMK klubiga qarshi o‘tkazadi. Garchand bu uchrashuv Farg‘onada o‘tsada, “Neftchi”ning g‘alaba qozonishiga hech kim kafolot bera olmaydi. Shu bois ham Levchenko bir qator futbolchilariga katta o‘yin oldidan dam berib, 2-bo‘limda zaxiradagi o‘yinchilar kuchidan foydalangan bo‘lsa ajab emas.
“So‘g‘diyona”ning 4-turdagi raqibi bugungi kunda chempionlikka eng asosiy da’vogar deb qaralayotgan (garchi 3-turda Toshkentda “Paxtakor”dan yengilgan bo‘lsada) “Navbahor” jamoasiga qarshi Namanganda maydonga tushadi. Bu uchrashuvda jizzaxliklarning yirik mag‘lubiyatga uchrashlik ehtimoli kutib turibdi, deyishga to‘la asoslar bor. Sababi, mening nazarimda Yorqin Nazarov “So‘g‘diyona”da jamoaviy o‘yinni shakillantira olmagan. Qanotlarda jarima maydoniga havolatib to‘p uzatish (yana raqib futbolchilarining 90 foizi o‘z jarima maydonida bo‘lganida), kombinatsion o‘yinni anglatmaydi.
Shu o‘rindan, “So‘g‘diyona” – “Neftchi” o‘yninidan keyingi jizzaxliklar bosh murabbiyi Yorqin Nazarovning matbuot anjumanida bergan, “Birinchi bo‘limda gol kiritilgan vaziyatda kontsentratsiyani yo‘qotdik. Bu vaziyatda futbolchilar diqqatlik bilan harakat qilishlari kerak edi. Futbolchilarimga o‘yin bo‘yicha hech qanday e’tirozim yo‘q. Harakat qilishmoqda, omad kelmayapti”, degan o‘yinga bergan izohini keltirib o‘tishni joiz topdim.

Murabbiyning o‘zi futbolchilarga o‘yin uchun aniq ko‘rsatma bermagandan keyin, ularga qanday ham e’tiroz bildirsin? Omadga keladigan bo‘lsak, janob murabbiy omad hammaga ham emas, kuchlilarga keladi.
Hozir “So‘g‘diyona” tarkibida, o‘tkazilgan 3 o‘yindan xulosa qilib, o‘z fikrlarimni aytadigan bo‘lsam, jamoa tarkibida uchrashuvlarda butun borini berib o‘ynaydigan 2-3 nafar futbolchini ko‘rsatish mumkin, xolos. Ularning biri allaqachon 40 ni qoralab qo‘ygan, ikkinchi yoshligini o‘tkazayotgan – Jasur Hasanov bo‘lsa, yana biri – joriy mavsum jizzaxliklar tarkibiga kelib qo‘shilgan, u ham 35 yoshga borib qolgan Sanjar Shoaxmedov.
Bir necha yillardan buyon “So‘g‘diyona” sharafini himoya qilib kelayotgan Iskandar Shoyqulov, Javohir Qahramonov, Milan Mitrovich, Marko Kolakovich, Xislat Xalilov, Ayubxon No‘monov kabi iqtidorli, bu yilgi chempionatda jizzaxliklar tarkibiga kelib qo‘shilgan Stanislav Andreyev, Alisher Salimov, Ulug‘bek Abdullayev kabi futbolchilikda professionallik maqomiga erishib bo‘lgan o‘yinchilar esa o‘zlarning imkoniyatlari darajasidan ancha past o‘yin ko‘rsatyapti.

Lekin, Yorqin Nazarov jamoaga xorijdan taklif qilgan Tarik Isich hamda Rossiya chempionatidan Serder Serderovlar bilan keskinroq shug‘ullanib, ularga talab kuchaytirilmasa, ularning o‘yini yaxshi tomonga o‘zgarishi qiyin.
Ammo, “So‘g‘diyona” ma’murlari, albatta bosh mrubbiyning taklifi bilan, garchand Belgiyada tavallud topgan bo‘lsada, bolqonlik hujumchi Dzenan Zajmovichni “falon” pulga sotib olib, endi barmog‘ini tishlab o‘tirgan bo‘lsa, ajab emas. bugungi o‘zimizni proligadagi o‘rtamiyona jamoa hujumchisi ham undan bir bosh ziyod o‘yin namoyish etishiga ishonchim komil.
“So‘g‘diyona” professional futbol klubidan Yorqin Nazarov yoki yana kimlarningdir ketishi hech qanaqa manfaat keltirmaydi. Lekin bu gaplarni, o‘zbek futboliga ko‘plab iqtidorlarni yetkazib bergan Jizzax futbolining o‘tmishi, buguni va kelajagiga ichim achiganidan, unga befarq emasligimdan yozyapman.

Futbolda, agar g‘alaba qozonilsa, butun jamoaning mehnati deyiladi, mabodo mag‘lubiyatga uchralsa, murabbiy aybdor bo‘ladi, degan gap bor. Chunki murabbiyga juda ko‘p narsa bog‘liq. 2021 yilgi chempionatda Ulug‘bek Baqoyev rahbarligida tarkibida biror nafar milliy terma jamoa a’zosi bo‘lmagan “So‘g‘diyona” chempionatimizda kumush medallarni qo‘lga kiritib, 2022 yilda OFK kubogida ham ajoyib o‘yin ko‘rsatdi.
Joriy yilgi chempionat boshlanishiga ozroq vaqt qolganda “Bunyodkor”da bosh murabbiylikni qabul qilib olgan Murod Otajonov, deyarli taniqli bo‘lmagan futbolchilarsiz bu yilgi chempionatda ko‘rsatayotgan o‘yini, har bir jamoaga qarshi tanlayotgan taktikasiga qarab, mavsum so‘ngida medalli o‘rinlarni birini egallasa hech ham shubhalanmagan bo‘lardim. Chunki mana 3 turdirki, Murodning imzosi “Bunyodkor” o‘yinida yaqqol ko‘rinyapti.

Nazarimda, agarda klub ma’muriyati vaqtida kerakli chora-tadbirlarni ko‘rmasa, o‘tgan yilgi Samarqand “Dinamo”sining boshiga tushgan “og‘riq”, bu yil “So‘g‘diyona” ma’murlari va muxlislarini garang qilishi shubhasiz.
Men ushbu maqolani o‘z shaxsiy qarashlarim, ko‘p yillik futbol muxlisi sifatida paydo bo‘lgan tajribalarim asosida yozdim. Unga kimdir qo‘shilishi, kimlardir qo‘shilmasligi mumkin. Har holda har kimning o‘z fikri, o‘z qarashlari bo‘lishi kerak.
Ammo, “So‘g‘diyona” o‘yinining pastga qarab bu sho‘ng‘ishida, hatto kelgusi mavsum proligada ham jon saqlab qolishi amri-mahol bo‘lib qoladi.
A.QAYUMOV, O‘zA