“So‘g‘d – 2021” xalqaro yarmarkasi samarali bo‘ldi
Tojikiston Respublikasining Xo‘jand shahrida joriy yil 19-20 oktyabr kunlari “So‘g‘d – 2021” xalqaro savdo yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona viloyatining turizm va investitsiya salohiyati targ‘ib etildi.
–O‘zbek va tojik azaldan ikki tilda so‘zlashuvchi bitta xalq hisoblanadi, – deydi Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov. – bugungi kunda nafaqat yaxshi qo‘shnichilik, balki savdo-iqtisodiy, madaniy, turizm va sport, fan, sanoat singari barcha sohada hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotgani quvonarlidir. Bu tadbirda ishtirok etishdan maqsad viloyatimizning turizm va investitsiya sohasidagi salohiyatini targ‘ib etish, hamkorlikda yangi va istiqbolli tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishdan iborat.

Xo‘jand shahridagi «Qasri Varzish» stadionida turli davlatlar va viloyatlarning investitsiya va turizm salohiyatini ifoda etgan ko‘rgazmalar tashkil etildi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida so‘z olgan So‘g‘d viloyati raisi Radjabboy Ahmadzoda tashrif uchun mehmonlarga minnatdorchilik bildirdi. Xorijiy davlatlar, xususan, O‘zbekiston bilan do‘stona munosabatlar rivojlanib borayotganini qayd etdi.

Farg‘ona viloyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar mehmon-u mezbonlarda iliq taassurot qoldirdi. Ko‘rgazma doirasida o‘zaro hamkorlik qilish, investitsiya kiritish masalalarida kelishuvlarga erishildi. Don, qurilish mahsulotlari va boshqa yana bir qator yo‘nalishlarda 3 million AQSH dollariga yaqin eksport shartnomalari imzolandi. Turizm yo‘nalishida ham Farg‘ona va So‘g‘d viloyatlari mutasaddilari o‘rtasida 1,5 million AQSH dollari miqdoridagi memorandumlarga imzo chekildi. Xalqaro savdo yarmarkasida Farg‘ona viloyatidan qatnashgan tadbirkorlar tomonidan jami bo‘lib 11 million 500 ming AQSH dollarlik shartnomalar tuzildi.
Shu kuni ikki viloyat mas’ullari savdo-investitsiyaviy va turizm aloqalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan kelishib oldilar.
M. Sulaymonov, O‘zA