Sog‘lom turmush tarzi yo‘lida
«O‘zekspomarkaz»da «Sport World Uzbekistan – 2015» sport uskunalari, anjomlari va kiyimlari hamda «Bolalik dunyosi – 2015» bolalar va o‘smirlar uchun tovar va xizmatlar xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalar ochildi.
«O‘zekspomarkaz»da «Sport World Uzbekistan – 2015» sport uskunalari, anjomlari va kiyimlari hamda «Bolalik dunyosi – 2015» bolalar va o‘smirlar uchun tovar va xizmatlar xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalar ochildi.Ko‘rgazmalar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta’limi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi ko‘magida «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazma kompaniyasi tomonidan o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston sport mamlakati ekani jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Mustaqilligimizning dastlabki yillaridan O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq jismoniy tarbiyaning uzluksizligi va davomiyligi turmush tarzi normasi sifatida belgilandi va mazkur qonun yaqinda yangi tahrirda qabul qilindi. Buning samarasida 2002-yil Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi, jismoniy kamolotga erishishning uch bosqichli noyob tizimi – maktab o‘quvchilarining «Umid nihollari», kasb-hunar kollejlari va akademik litsey o‘quvchilarining «Barkamol avlod» va talabalar Universiadasi sport musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda.
Sport bilan shug‘ullanish uchun qulay sharoitlar yaratilayotgani, jumladan, sport obyektlarining moddiy-texnik bazasi tobora mustahkamlanib borayotgani natijasida bolalarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ya’ni jismonan va ma’nan sog‘lom avlodni tarbiyalashga erishilmoqda. O‘tgan vaqt davomida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 1700 dan ortiq sport obyektlari bunyod etildi va bu sportning ommaviyligini muttasil oshirishga xizmat qilmoqda. Bugun 2 milliondan ortiq o‘g‘il-qiz sportning 30 turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Bitta sport inshootidan bir kunda o‘rtacha foydalanish vaqti 9,8 soatni tashkil qilayotir.
Bolalar sporti obyektlari asosan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy inventar va uskunalar bilan jihozlanayotganini alohida ta’kidlash joiz. Ayni paytda 120 turdagi sport inventari va uskunasining 116 tasi mamlakatimiz korxonalarida tayyorlanmoqda. Ularning aksariyati ixtisoslashtirilgan «Sport World Uzbekistan – 2015» sport uskunalari, anjomlari va kiyimlari xalqaro ko‘rgazmasida namoyish etilmoqda.
Joriy yilda ko‘rgazmada o‘ttizdan ortiq eksponent o‘z mahsulotlarini «Sport inventari», «Sport uskunalari», «Sport trenajyorlari», «Sport xizmatlari va fitnes», «Sog‘lom ovqatlanish» kabi turli bo‘limlarda namoyish etmoqda.
Trenajyor zallari va sport majmualari uchun uskunalar ishlab chiqaradigan «Alpha Sport Technology» mas’uliyati cheklangan jamiyati stendi alohida ajralib turibdi. Korxonada tayyorlanayotgan o‘rindiqlar, trenajyorlar, gantellar va boshqa ko‘plab mahsulotlarga talab katta.
– Ayni paytda 100 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqaryapmiz, – deydi «Alpha Sport Technology» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Konstantin Grjando. – Bunda asosan mahalliy xomashyo va materiallardan foydalanilmoqda. Sog‘lomlashtirish klublari va trenajyor zallari asosiy buyurtmachilarimizdir. Mahsulotlarimiz turini ko‘paytirish va hamkorlarimiz safini yanada kengaytirish ustida muntazam izlanish olib bormoqdamiz.
«O‘zavtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasi korxonalari stendi ishtirokchilar e’tiborini jalb etmoqda. Bu yerda sport inventari ishlab chiqaradigan o‘ndan ortiq korxona mahsulotlari namoyish qilinmoqda. «O‘z Dong Yang» qo‘shma korxonasi balandlikka sakrash moslamalari, sport sumkalari, mashq manekenlari va boks anjomlari, «O‘z Koje» mas’uliyati cheklangan jamiyati futbol, gandbol, stol tennisi va katta tennis to‘rlari, «O‘z Minda» mas’uliyati cheklangan jamiyati esa sekundomerlar, shaxmat soatlari, hisob va vaqt tablosi, sport trenajyorlari to‘plami va boshqa tovarlarni taqdim etmoqda.
Eksponentlar orasida futbol to‘plari, boks qopi va qo‘lqopi, shlem, polvonlar kiyimi ishlab chiqaradigan «Mini Teks» kichik korxonasi ham bor.
– Korxonamiz o‘tgan yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, – deydi Andijon viloyatidagi «Mini Teks» kichik korxonasi bosh texnologi Lazizbek Bagirov. – Dastlab 14 turdagi mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni o‘ttiztaga yetdi. Korxonamiz Mahalliylashtirish dasturiga kiritilgandan so‘ng ISO 9001 sifat menejmentini joriy qildik va yana 11 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarishni rejalashtirmoqdamiz.
«O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati korxonalari ham ko‘rgazmada faol ishtirok etmoqda. «Uztex» kompaniyalari guruhiga kiradigan «Eurotex Global», «Amin Invest International», «Textile Mill Tashkent» qo‘shma korxonalari, «Prima Textile» va «Bultex Eurostar» xorijiy korxonalari, «Tailor Impex» mas’uliyati cheklangan jamiyati, «Barchinoy» xususiy korxonasi va boshqalar shular jumlasidan. Ular tomonidan taklif etilayotgan sport liboslari, bejirim dizaynga ega bolalar kiyimlari, turli futbolkalar, paypoq va boshqa mahsulotlar ishtirokchilar diqqatini tortmoqda.
«O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin kelajakda bolalar va kattalar sport kiyimlarini ishlab chiqarish hajmi kengayishi kutilmoqda. Chunonchi, bolalar sporti uchun mahsulotlar ishlab chiqaradigan yangi korxonalarni barpo etish, mavjudlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ko‘zda tutilmoqda. Masalan, 2016-yilda «Barchinoy» xususiy korxonasi, «Lens Textile Invest» va «Bog‘i Bahor tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va shu asosda yangi ish o‘rinlari tashkil etish rejalashtirilgan.
«Sport World Uzbekistan – 2015» bilan bir maydonda «Bolalik dunyosi – 2015» ko‘rgazmasi ham ochildi. Ushbu ko‘rgazmada nafaqat bolalar uchun mo‘ljallangan tovarlar bilan tanishish, balki bitimlar tuzish, bolalar salomatligi, tarbiyasi va ta’limi xususida muhim ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin.
Ko‘rgazma ishtirokchilari ko‘lami ushbu tadbirning naqadar muhim ekanidan dalolat beradi. Har yili yuzlab ishtirokchilar bu yerda bolalarning bejirim liboslari, maktab anjomlari, transformer stollar va bosh mahsulotlarni xarid qilmoqda, yetakchi mutaxassislardan bepul maslahat olish imkoniga ega bo‘lmoqda. Bolajonlar esa ular uchun tashkil etilgan mahorat saboqlari va qiziqarli ko‘ngilochar dasturlarda ishtirok etmoqda.
«Rosti Rasti Baraka» va «Polimer Plastik» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, «Uz-Korea Medical» qo‘shma korxonasi, «Tomat Group» iqtidorli yoshlar ijodiy birlashmasi va boshqa kompaniyalar ko‘rgazmada faol ishtirok etmoqda.
Muxtasar aytganda, «Sport World Uzbekistan – 2015» sport uskunalari, anjomlari va kiyimlari hamda «Bolalik dunyosi – 2015» bolalar va o‘smirlar uchun tovar va xizmatlar xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalar aholi, ayniqsa, bolalar va o‘smirlarni sog‘lom turmush tarzi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb etish, barkamol avlodni tarbiyalashga doir ilg‘or ishlanmalar bilan tanishtirishga xizmat qiladi.